"Yashil makon" loyihasini mamlakat barqaror rivojlanishining asosi sifatida kengaytirish
2025-12-24 15:45:00 / Yangiliklar

2025-yil davomida loyiha doirasida respublika bo‘ylab 200 milliondan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. “Mening bog‘im” tashabbusi bunga salmoqli hissa qo‘shdi: ushbu tashabbus doirasida 208 ta tuman va shaharlarda “yashil bog‘lar” hamda aholi uchun yangi dam olish maskanlariga aylangan jamoat parklari tashkil etildi. Sanoat zonalariga alohida e’tibor qaratilmoqda: korxonalar atrofida 10 million dona daraxt va butalar ekildi, bu texnogen yuklamani kamaytirish va havo sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Joylarda ko‘kalamzorlashtirish ishlari sifati va barqarorligini ta’minlash maqsadida kompleks chora-tadbirlar tashkil etildi. Soha mutaxassislari ishtirokida ko‘chat ekish va ularni parvarish qilish bo‘yicha kasbiy ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan 832 ta amaliy seminar o‘tkazildi. Narxlarni barqarorlashtirish va ko‘chat materiallarining hamyonbopligini ta’minlash maqsadida har bir tuman va shaharda ko‘chat yetishtiruvchi subyektlar ishtirokida 826 ta yarmarka tashkil etildi.
“Yashil makon” loyihasi ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlar va ekologik jihatdan zaif hududlarni ham qamrab oladi. Mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga moslashgan bir milliondan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar 1 024 ta mahalla, shuningdek, sog‘liqni saqlash va xalq ta’limi muassasalariga yetkazib berildi. Shu bilan birga, yashil fondni raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda: 605 ming tup daraxt uchun elektron pasportlar yaratildi va ular yagona monitoring platformasiga kiritildi.
Islohotlar yangi ekologik yechimlarni joriy etishni ham o‘z ichiga oladi. Toshkentda shahar yashil infratuzilmasining bir qismiga aylangan “Astronomiya bog‘i” ochildi, respublikaning umumiy ko‘kalamzorlashtirish darajasi esa 14,1 foizga yetkazildi. Beshta tumanda — Arnasoy, Nukus, Qorako‘l, Muborak va Karmana tumanlarida sho‘r tuproqlarga chidamli gallofit bog‘larini yaratish ishlari boshlandi. Ushbu maqsadlar uchun Xitoydan 35 turdagi gallofit o‘simliklarining 1,3 ming tonna urug‘i olib kelindi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida “Yashil makon” loyihasining amalga oshirilishi barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va aholi turmush sifatini oshirishga yo‘naltirilgan kompleks hamda uzoq muddatli ekologik siyosatga o‘tilganini yaqqol namoyon etadi.
