Chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi
2025-12-24 14:40:00 / Yangiliklar

Muzokaralar Xitoyning “China CAMC Engineering Co., Ltd.”, “Shanghai Sus Environment Co., Ltd.” va “Everbright Environmental Protection Ltd.” kompaniyalari vakillari bilan bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, uchrashuvda kompaniyalarning O‘zbekistondagi rahbarlari va vakillari, Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori Sharifbek Hasanov ishtirok etdi.
Uchrashuvlar davomida investitsiya loyihalarini amalga oshirishning joriy bosqichlari ko‘rib chiqildi, ularni yanada ilgari surish bo‘yicha takliflar taqdim etildi, shuningdek, ekologik va texnologik talablarni inobatga olgan holda navbatdagi qadamlar muhokama qilindi. Ekologik standartlarga rioya qilish va loyihalarni chiqindilarni boshqarish tizimiga samarali integratsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik doirasida mamlakatimizning bir qator hududlarida yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda:
- “Everbright Environmental Protection Ltd.” loyihasiga ko‘ra: Namangan va Farg‘ona viloyatlarida kuniga 3 ming tonnagacha chiqindini yoqish orqali yiliga 454,6 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 283 mln AQSh dollarini tashkil etadi.
- “Shanghai Sus Environment Co., Ltd.” loyihasiga ko‘ra: Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida kuniga 3 ming tonnagacha chiqindini qayta ishlash va yiliga 480 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati – 300 mln AQSh dollari.
- “China CAMC Engineering Co., Ltd.” loyihasiga ko‘ra: Andijon va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida kuniga 4 ming tonnagacha chiqindini qayta ishlab, yiliga 630 mln kVt·soat elektr energiyasi olish ko‘zda tutilmoqda. Loyiha qiymati 350 mln AQSh dollariga baholanmoqda.
O‘tkazilgan uchrashuvlar chiqindilarni ko‘mish hajmini kamaytirish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish va O‘zbekiston energetika balansida muqobil energiya manbalari ulushini oshirishga qaratilgan loyihalarni izchil amalga oshirishdan har ikki tomon ham manfaatdor ekanligini tasdiqladi.









