Jamoatchilikka “Ekologik transport” tizimini joriy etish mexanizmlari tushuntirildi
2025-12-19 19:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda vazirlik va idoralar vakillari qatorida fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xususan nodavlat, notijorat tashkilotlar, siyosiy partiyalar, oʼzini-oʼzi boshqarish organlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.
Taʼkidlash joiz, mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, xususan aholi punktlarining atmosfera havosini ifloslanishini oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Аmmo, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, atmosfera havosining ifloslanganlik darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Joriy yilning kuz faslining oʼta quruq kelishi, yildan-yilga suv resurslarining qisqarishi, qolaversa sanoat korxonalari va transport vositalari tashlamalari mintaqaning ekologik zaif hududida joylashgan aholi punktlari, jumladan Toshkent shahrining atmosfera havosi ifloslangan mamlakatlar reytingida eng yuqori oʼrinlarni olishiga sabab boʼldi. Bu oʼz navbatida fuqarolar salomatligiga va hayotiga, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, qolaversa mamlakat imijiga salbiy taʼsir koʼrsatmoqda.
Ushbu salbiy holatlarni kamaytirish maqsadida, Hukumat tomonidan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning 28-noyabrdagi “ekologik transport” tizimini joriy etish toʼgʼrisida Hukumat qarori qabul qilindi.
Maʼlumot uchun: tibbiy statistik maʼlumotlarga koʼra, mamlakatimizda atmosfera havosining ifloslanishi fonida aholi oʼrtasida nafas aʼzolari kasalliklari, allergik kasalliklar, bronxial astma va astmatik kasallanish holatlari kuzatilmoqda.
Xususan, 2024-yilda respublika boʼyicha har 100 ming aholiga nisbatan nafas yoʼllari va allergik kasalliklar bilan kasallanish holatlari 11 034,8 nafar kishida qayd etilgan. Shuningdek, 13 646,4 nafari bolalar hissasiga toʼgʼri keladi.
“Ekologik transport” tizimini joriy etish uch bosqichda amalga oshiriladi:
— birinchi bosqichda — 2025–2027-yillarda Toshkent shahrida;
— ikkinchi bosqichda — 2028–2030-yillarda Nukus shahri va viloyat markazlarida;
— uchinchi bosqichda — 2031–2034-yillarda respublikaning barcha boshqa hududlarida.
Аvtomobillarga ekologik stiker berish transport egasining vakolatli organga ixtiyoriy elektron murojaati asosida toʼlovlarsiz amalga oshirilishi, transport vositalarini roʼyxatga olish va qayta roʼyxatga olish jarayonlarida esa ularni birinchi marta bepul diagnostika tekshiruvlari asosida aniqlanadigan ekologik normativlariga asosida taqdim etish tartibi belgilandi.
Ekologik stikerlar berish orqali avtomobillar “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “oʼrta” va “zararli” ekologik toifalarga ajratib boriladi.
“Oʼrta” yoki “zararli” ekologik toifaga ajratilgan va unga mos ekologik stiker berilgan avtotransport vositasi egasi ixtiyoriy ravishda bir yilda bir marta ushbu xizmatlar uchun alohida toʼlov undirilmasdan aynan shu avtotransport vositasini ekologik toifasini “toza” yoki “oʼrta” ekologik toifaga yaxshilash maqsadida qayta diagnostik tekshiruvdan oʼtkazish va natijalari boʼyicha yangi ekologik stikerga ega boʼlishi mumkin.
Hududlardagi ekologik zonalar chegaralarini belgilash xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan Ekologiya qoʼmitasi taklifiga asosan belgilanadi.
Ekologik zonalar hududida “oʼrta” va “zararli” ekologik toifalarga mansub hamda ekologik stikeri mavjud boʼlmagan avtomobillarning harakatlanishi taqiqlanmoqda.
Bunda, belgilangan tartibda va miqdorda kompensatsiya toʼlovlarini amalga oshirgan hamda ekologik zona hududida doimiy yashovchi yoki mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolar mazkur hududda cheklov va taqiqlarsiz harakat qilish huquqiga ega boʼlmoqda.
“Fayzabod” transport vositalari diagnostika tekshiruvi markazida mazkur tizim orqali transport vositalarining diagnostik tekshiruvlari eksperimenti amalga oshiriladi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda 2034-yilgacha bosqichma-bosqich joriy etiladigan “Ekologik transport” tizimi transport vositalarini ishlab chiqarish va undan foydalanishni xalqaro standartlarga olib chiqish hamda yuqori sifatli yoqilgʼi turlariga oʼtish natijasida aholi punktlarining ekologik barqarorligini taʼminlashga hamda mamlakat imijini xalqaro maydonda yuqori pogʼonalarga olib chiqishga xizmat qiladi.









