O‘zbekiston UNEA-7 doirasida ekologik yetakchi sifatida namoyon bo‘ldi
2025-12-17 17:00:00 / Yangiliklar

UNEA-7 186 davlatdan 6 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtirib, sayyoramiz oldida turgan uch karra inqiroz — iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, yerlarning degradatsiyasi, atrof-muhitning ifloslanishi va chiqindilar to‘planishi muammolariga yechim topishga bag‘ishlandi. Assambleya “Barqaror sayyora uchun barqaror yechimlarni ilgari surish” shiori ostida o‘tkazilib, inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanatni tiklash, shuningdek, global ekologik muammolarni hal etishda umumiy mas’uliyatni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Yuqori darajadagi segment doirasida O‘zbekiston milliy bayonot bilan chiqib, Markaziy Osiyo duch kelayotgan tobora kuchayib borayotgan ekologik xatarlarni qayd etdi. Xususan, mintaqa yerlarining 20 foizdan ortig‘i allaqachon degradatsiyaga uchragani, so‘nggi o‘n yilliklarda muzliklar hajmining qariyb 30 foizga qisqargani ta’kidlandi. Bu holatlar suv xavfsizligi va barqaror rivojlanish uchun jiddiy tahdidlar tug‘diradi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston o‘zaro bog‘liq ekologik muammolarni kompleks hal etish uchun mintaqaviy va global hamkorlikni kengaytirish zarurligini urg‘uladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda barqaror “yashil” transformatsiya siyosati izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi. “Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan 2025-yilda ekologik boshqaruv tizimini mustahkamlashga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi. O‘tkazilayotgan islohotlar doirasida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mita hamda ekologik nazorat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha kengaytirilgan vakolatlarga ega Ekopolitsiya tashkil etildi. Milliy ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayta tiklanuvchi energetika quvvatlarini kengaytirish, keng ko‘lamli o‘rmonzorlashtirish dasturlarini amalga oshirish, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, shuningdek, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o'rganish universitetini (Green University) mintaqaviy ekologik ta’lim va ilmiy tadqiqotlar markazi sifatida rivojlantirish belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro ekologik diplomatiyadagi tobora ortib borayotgan rolini ta’kidlab, Samarqand shahrida Yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) Tomonlarining 20-konferensiyasi (CoP20) muvaffaqiyatli o‘tkazilganini qayd etdi. Ushbu anjuman 180 davlatdan 3 mingdan ortiq delegatni birlashtirib, yovvoyi tabiatni muhofaza qilish sohasida muhim qarorlar qabul qilinishi bilan yakunlandi. Bir vaqtning o‘zida CITES va Ko‘chib yuruvchi turlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyaga (CMS) raislik qilayotgan O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiatga qarshi jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha Samarqand harakatlar rejasini amalga oshirishni o‘z ichiga olgan amaliy va natijaga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ilgari surishga sodiqligini tasdiqladi.
UNEA-7 doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi mavzuli sayd-iventslarda faol ishtirok etdi hamda YUNEP, Global ekologik fond (GEF), ko‘p tomonlama ekologik konvensiyalar va hamkor davlatlar rahbariyati bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar loyiha hamkorligini kengaytirish, ekologik moliyalashtirishni safarbar etish, atmosfera havosi sifatini yaxshilash, kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish, shuningdek, biologik xilma-xillikni saqlash choralarini kuchaytirishga qaratildi. Rivojlanayotgan davlatlar va eng zaif mintaqalarning iqlim va ekologik moliyalashtirish resurslariga adolatli kirishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston hamkorlarni 2026-yil 31-maydan 6-iyungacha Samarqand shahrida Global ekologik fondining 8-Assambleyasi hamda "Eco Expo Central Asia 2026" xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalari haqida xabardor qildi. Mazkur tadbirlar barqaror rivojlanish, ekologik moliyalashtirish masalalari bo‘yicha muloqotni rivojlantirish, shuningdek, iqlimga chidamlilik va tabiatni muhofaza qilish sohasida innovatsion yechimlar almashinuvi uchun yirik xalqaro platformaga aylanishi kutilmoqda.
O‘zbekistonning UNEA-7 dagi ishtiroki mamlakatning ko‘p tomonlama ekologik hamkorlikni mustahkamlashga sodiqligini, shuningdek, barqarorlik, inklyuzivlik va umumiy mas’uliyat tamoyillariga asoslangan holda global ekologik kun tartibining kelajagini shakllantirishda faol ishtirok etishga tayyor ekanini tasdiqladi.

