Tayinlov!
2025-12-15 17:30:00 / Yangiliklar

Baxtiyor Po'latov 2006-yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini, 2008-yilda Niderlandiyadagi “Vaginingen” universitetini, 2015-yilda esa Shvetsiyadagi “Lund” universitetini tamomlagan. U “Lund” universitetining fizikaviy geografiya va ekotizim fanlari kafedrasida katta ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borgan, shuningdek, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Ekologik geoaxborot tizimlari markazida faoliyat yuritgan. Turli yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasining Ilmiy-axborot markazi O'zbekiston Respublikasi filiali rahbari, O'zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimida investitsiyalar va grantlarni jalb etish masalalari bo‘yicha maslahatchi, shuningdek, Atrof-muhitni va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimlarida ishlagan. Tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Bundan tashqari, 2024-yil avgust oyida Baxtiyor Po'latov Xalqaro Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining (IUCN) iqlim inqirozi bo‘yicha komissiyasi a'zosi etib saylangan. Texnika fanlari doktori, professor.
Baxtiyor Po'latovning "Green University" rektori etib tayinlanishi universitetni Markaziy Osiyoda atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohalarida kadrlar tayyorlash, amaliy tadqiqotlar o‘tkazish hamda ilmiy yechimlarni ilgari surishga yo‘naltirilgan yetakchi mintaqaviy ilmiy-ta’lim markaz sifatida yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
