Orol dengizi tarixi haqida hujjatli film jahon hamjamiyatiga taqdim etildi
2025-12-11 14:00:00 / Yangiliklar

Filmning prodyuseri va boshlovchisi UNCCDning ezgu niyatlar elchisi, malilik qo‘shiqchi va eko-faollik bilan shug‘ullanuvchi Inna Modja bo‘ldi. Joriy yil aprel oyida u Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurib nafaqat yo‘qotish miqyosini, balki mahalliy aholining matonatini ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga moslashish va cho‘llanishga qarshi kurash jarayonlarida ayollarning tutgan o‘rnini dunyoga ko‘rsatdi.
Film ekologik fojia ko‘lamini ochib berish bilan birga, u yerda yashab kelayotgan insonlarning kuchini ham namoyish etadi. Bir vaqtlar dunyodagi eng katta to‘rtinchi ko‘l bo‘lgan Orol bugun o‘zining atigi 10 foizi hajmigacha qisqarib qolgan. Ammo suv chekingan joyda ayollar qolgan. Film tomoshabinni Qoraqalpog‘istonga olib boradi, u yerda har kuni o‘z hayoti orqali iqlim o‘zgarishiga moslashuvni qurayotgan insonlar bilan tanishtiradi. Ular orasida to‘lqinlar xotirasini gilamlariga singdirayotgan Mayya Rajapova hamda 50 nafar ayoldan iborat jamoasi bilan cho‘lga aylangan hududni yashil maydonga aylantirishga harakat qilayotgan Malohat bor. Bu ayollar yerning haqiqiy posbonlariga aylangan. Orol endi g‘azab bilan to‘lqinlanmaydi, u shivirlaydi. Bu shivir esa qanday qilib boshidan boshlash mumkinligini eslatib turadi.
Orol dengizi tarixiga bag‘ishlangan film yer degradatsiyasi va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha global muloqotga muhim hissa bo‘ldi. U nafaqat Orol fojiasini hujjatlashtiradi, balki umidni ham ko‘rsatadi, chunki bu yerda odamlar yashashda, mehnat qilishda va hududni tiklashda davom etmoqda. Kartina xalqaro hamjamiyat e’tiborini Orolni qo‘llab-quvvatlash zarurligiga qaratadi va islohotlar davlat, mahalliy aholi va xalqaro ekologik tashabbuslar birlashganda ro‘yobga chiqishini ta’kidlaydi.
Ma’lumot uchun: 2023-yil noyabr oyida Samarqand Cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha BMT Konvensiyasining amalga oshirilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasi (CRIC21)ning 21-sessiyasiga mezbonlik qildi. Markaziy Osiyoda ilk bor 196 ta mamlakatdan taxminan 500 nafar delegat, jumladan fuqarolik jamiyati va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etib, yer degradatsiyasining oldini olish bo‘yicha global maqsadlarga erishish jarayoni hamda qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurash choralarini muhokama qildi.
Filmni ushbu havola orqali tomosha qilish mumkin: https://youtu.be/SILZeR7WCzA?si=YaO9iNdQyMSfFqBr






