Markaziy Osiyoda o‘rmon landshaftlarini tiklash masalalari muhokama qilindi
2025-12-11 10:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov, Jahon bankining atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Abbate Asferacheyu, shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikistondan o‘rmon xo‘jaligi ekspertlari, xalqaro tashkilotlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan Markaziy Osiyoda barqaror landshaftlarni tiklash dasturi (RESILAND CA+) mintaqaning iqlim barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu dastur — butun mintaqada ekotizimlarni tiklash bo‘yicha eng yirik tashabbusdir.
Markaziy Osiyo davlatlarida yerlarning degradatsiyasi va o‘rmon maydonlarining qisqarishi qator ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi sharoitida sel va suv toshqinlari ko‘payib ekologik hamda ijtimoiy-iqtisodiy zarar yetkazmoqda. Shu sababli ekologik va o‘rmon siyosatini uyg‘unlashtirish, resurslarni barqaror boshqarish, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik ustuvorliklar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash mintaqa uchun juda muhim.
Xalqaro kelishuv loyihalari quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi: qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarda turizmni rivojlantirish, bioxilma-xillikni inventarizatsiya qilish, transchegaraviy ekologik koridorni boshqarish, umumiy tabiiy hududlarda tabiatni muhofaza qilish faoliyatini monitoring qilish, o‘rmon yong‘inlari bo‘yicha erta ogohlantirish tizimi yaratish, shuningdek Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston chegaralari kesishgan hududda “Tinchlik bog‘lari”ni tashkil etish. Bu bog‘lar ekotizimlarni saqlash, ekoturizmni rivojlantirish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va chegaraoldi aholi uchun iqtisodiy imkoniyatlar yaratishni maqsad qiladi.
Mintaqaviy muloqot davomida Markaziy Osiyo davlatlari vakillari mazkur xalqaro kelishuvlar loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
RESILAND CA+ dasturi hozirda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda u 250 ming gektardan ortiq o‘rmon va yaylovlarni tiklashga yordam bermoqda. Dastur Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshirilmoqda.
Jumladan, olti xil landshaft tiklash modeli ishlab chiqildi, maxsus ko‘chatxonalar yaratildi. 10 ming gektardan ortiq yaylovlarda terrasalar tashkil etildi va hududlar o‘rab qo‘yildi. Zomin milliy tabiat bog‘ida ekoturizmni rivojlantirish qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu yerda 30 nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlangan. Ushbu choralar O‘zbekistonga 2018-yilgi Bonn chaqirig‘i doirasida belgilangan maqsadga erishishga — 2030-yilgacha 1 million gektar degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashga yordam beradi.









