Tadbirkorlar uchun zamonaviy filtrlar ko‘rgazmasi tashkil etildi
2025-12-04 16:00:00 / Yangiliklar

Ma'lumot uchun, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Maxsus komissiya bilan tungi reydda ishtirok etib, Qibraydagi issiqxonalarni o‘rgangan edi. O‘rganish davomida issiqxonalarga filtr o‘rnatish zarurligi ta'kidlanib, tadbirkorlar uchun bu borada seminar-trening va filtrlar savdo-ko‘rgazmasini tashkil etish topshirig‘i berildi.
Tadbirda Maxsus komissiya a'zosi Ikrom Tagayev reyd tadbirlarida o‘rganilayotgan issiqxona xo'jaliklarining 90 foizdan ortig‘i atmosferaga me'yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarilayotganligi, bu borada qat'iy choralar ko‘rilayotganligini ta’kidladi. Shuningdek, issiqxonalar va boshqa obyektlarga filtrlar o’rnatish zarurligi va bu borada tad qayd etdi.
Davlat ekologik sertifikatlash va standartlash markazi direktori Nodirjon Yunusov esa issiqxonalar va boshqa korxonalarga nima uchun filtr o‘rnatish lozimligiga e'tibor qaratdi.
"Ko‘mir, mazut va boshqa shunga o‘xshash zararli yoqilg‘i mahsulotlari yoqilganida atmosferaga juda katta miqdorda zararli tashlamalar chiqariladi. Bu moddalar shunchaki tarqab ketmaydi, havoda muallaq qoladi va atrof-muhit hamda insonlar salomatligiga katta zarar yetkazadi. Filtrlar ana shu zararli moddalarni o‘zida ushlab qoladi", — dedi u.
Nodirjon Yunusov texnologlar, laboratoriyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi, kimda filtrlar bilan bog‘liq qandaydir masala bo‘lsa, yordam ko‘rsatilishi hamda filtrlarni o‘rnatish jarayonida ham kerakli ma'lumotlar berilishini aytib o‘tdi.
Toshkent tumani hokimi Sardorbek Ergashev esa tumandagi barcha issiqxonalarda filtrlar o‘rnatish kechiktirib bo‘lmas vazifa ekanligini ta’kidladi. Qolaversa, bu borada tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanishi, ularga turli chegirmalar qilinishi, xususan, banklar tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilishi ta’kidlandi.
Ko‘rgazma davomida zamonaviy filtlar taqdim etildi. Ishlab chiqaruvchilar filtrlar haqida batafsil ma'lumot berishdi. Xususan, mutaxassislar tomonidan tadbirkorlarga yoqiladigan mahsulot turi va obyekt hajmiga qarab qanday filtrlar o‘rnatish kerakligi, har bir filtr uchun sertifikat va bir yil kafolat berilishi, texnik ko‘mak ko‘rsatilishi va boshqa afzalliklari haqida ma'lumot berildi.









