Maxsus komissiya: atmosferaga zarar yetkazayotgan 100 dan ortiq obyekt faoliyati to‘xtatildi
2025-11-29 22:30:00 / Yangiliklar
Asosiy ma’lumotlar:
— issiqxonalar faoliyati bo‘yicha: 1449 ta issiqxona o‘rganilib, 67 tasining faoliyati to‘xtatildi va 403 nafar shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. 19 ta issiqxona xo‘jaliklariga “Hududgazta’minot” AJ filiallari tomonidan gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar taqdim etildi.
— Qurilish obyektlari bo‘yicha: Toshkent shahrida 6,3 gektar maydonni egallagan 53 ta noqonuniy qurilish obyektlari aniqlandi va ularni tezkorlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. 186 ta holatda atmosfera havosi ifloslantirilayotganligi va 235 ta qurilish obyektining 25 foizi ko‘kalamzorlashtirilmaganligi ma’lum bo‘ldi. 34 ta obyektning qurilishi vaqtincha to‘xtatildi, 188 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. 51 ta obyektga suv purkagich o‘rnatildi.
— Avtotransport vositalari bo‘yicha: yukni tent bilan yopmasdan harakatlangan 837 ta, atmosferani me’yordan ortiq zararlagan 206 nafar haydovchiga ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, mikroiqlim barqarorligini ta’minlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 496 km hududga teng 77 ta ko‘cha va 165 jamoat joylariga suv sepilib, namlantirildi. 45 ta kanaldan suv oluvchi 322 km uzunlikdagi 121 km ariqlar tozalandi, 126 ta favvora ishga tushirildi.
Toshkent viloyatida joylashgan daryo va soylardan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish bo‘yicha 54 ta holat aniqlandi. Aybdorlarni javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmoqda.
Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida Toshkent shahar havosining ifloslanish darajasi birmuncha kamayishiga erishildi. Xususan, PM 2.5 mayda zarrachalarining o‘rtacha miqdori 24-noyabr soat 18:00 holatiga 171 mikrogramm/metr kubga yetgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 25-noyabr kuni 152 mikrogramm/metr kubga, 26-noyabr kuni 140 mikrogramm/metr kubga, 27-noyabr kuni 111 mikrogramm/metr kubga, 28-noyabr kuni esa 97 mikrogramm/metr kubga kamaydi.
Gidrometeorologiya xizmati agentligi xabariga ko‘ra, 29-noyabrdan mamlakat hududida sovuq antitsiklon kuchayishi va uning ta’siri 5-dekabrgacha saqlanib turishi kutilmoqda. Bu inversiya hodisalarining kuchayishi va havoning ifloslanish ko‘rsatkichlarini ma’lum darajada oshishiga olib kelishi mumkin.
Maxsus komissiya tomonidan kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Natijalar haqida doimiy ma’lumot berib boriladi.
