Havoni ifloslantirayotgan obyektlarga keskin chora ko‘rilmoqda
2025-11-28 17:45:00 / Yangiliklar
27-noyabr kuni Maxsus komissiya topshirig‘iga ko‘ra Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tomonidan Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar idoralari xodimlari bilan birga Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Yuqorichirchiq, Yangiyo‘l, Toshkent tumanlari hamda Toshkent shahrida reyd tadbirlari davom ettirildi.

Reyd tadbirlari davomida jami 1157 ta obyektning atmosfera havosini muhofaza qilishga oid qonunchilik talablariga qay darajada rioya qilayotgani o‘rganildi.
25–28-noyabr kunlari o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida:
— 464 ta huquqbuzarlik holati aniqlandi (250 mln so‘mdan ortiq jarima);
— atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatgan va qonun talablarini buzgan 59 ta (Toshkent viloyatida 50 ta, Toshkent shahrida 9 ta) obyektlarning faoliyati 10 ish kuniga vaqtincha to‘xtatildi;
— 15 ta issiqxona obyektlarida filtr o‘rnatildi.
Ma’lumot uchun, 28-noyabr kuni o‘tkazilgan reydlar davomida 102 ta huquqbuzarlik aniqlandi hamda 2 ta obyekt faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.



