Havoni ifloslantirayotgan 15 obyektda qurilish to’xtatildi
2025-11-27 09:30:00 / Yangiliklar
Ekologiya va iqlim o’zgarishi milliy qo’mitasi, Bosh prokuratura, Qurilish vazirligi, Energoinspeksiya va Qurilish inspeksiyasi hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa tegishli vazirlik va idoralar tomonidan Toshkent shahrining 12 tumanidagi qurilish obyektlari kompleks o‘rganildi. Jarayonga 140 nafar xodim jalb etildi.
Tadbirlar davomida 96 ta qurilish obyekti o‘rganildi. Shundan 60 ta holatda havoning chang va qum bilan ifloslanishining oldini olish bo‘yicha majburiy talablar buzilganligi aniqlandi. Shuningdek, 47 ta holatda qurilish maydonining 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish bo’yicha talab bajarilmagan.
Huquqbuzarliklarga qarshi qat’iy chora ko’rildi: 15 ta obyektda qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatildi, 70 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi, 68 nafar shaxs rasmiy ogohlantirildi.
Bundan tashqari, 24 ta obyektda suv yuvish moslamalari o‘rnatilishi ta’minlandi, 62 ta obyektda esa avtomashinalar shinalarini yuvish uchun basseynlar yaratildi.
