Farg‘onada daraxt kestirib, inspektorga kuch ishlatgan hokim o‘rinbosari ishdan olindi
2025-11-25 18:00:00 / Yangiliklar
Ta’kidlash joizki, respublikada Prezident tomonidan daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan. Qolaversa, daraxt kesish uchun Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi va qo‘mitaning hududiy bo‘linmalaridan ruxsat olish lozim. Vaholanki, Buvaydadagi daraxtlarni kesishga ruxsat berilmagan. Shunga qaramasdan, tuman hokimi o‘rinbosari S.Xizirov moratoriyga ham, qonunchilikka ham qo‘l siltagan holda daraxtlarni kesishni buyurgan.
Bundan tashqari, qonunbuzarlikka qarshi chiqqan, belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan inspektorga nisbatan zo‘ravonlik qilingan va u ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.
O‘rganish ishlari natijasida Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari S.Xizirov lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda surishtiruv harakatlari amalga oshirilmoqda. Yakuni bo‘yicha hokim o‘rinbosarining xatti-harakatlariga qonuniy baho beriladi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi inspektorga kasbiy fidoiyligi uchun minnatdorlik bildiradi! Qo‘mita yuqoridagi kabi xatti-harakatlarni keskin qoralaydi va har qanday ekologik jinoyat keskin javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor eslatib o‘tadi.
