Noyob flora va fauna vakillarini muhofaza qilishning innovatsion yechimlari muhokama qilindi
2025-11-23 18:00:00 / Yangiliklar

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, CITES Bosh kotibi Ivonn Iguero va UNDPning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii ochib berdi.
Panel sessiyasi doirasida “Mintaqadagi bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha innovatsion yechimlar” mavzusida Markaziy Osiyo vazirlari ishtirokidagi muloqot o‘tkazildi. Unda Qozog‘iston ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev, Qirg‘iz Respublikasi tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri o‘rinbosari Almaz Musayev, IUCN Bosh direktori Gretel Agilar va TRAFFIK International Bosh direktori Richard Skobi ishtirok etdi.
Tadbirda nutq so’zlagan Aziz Abduhakimov yovvoyi hayvonlar bilan noqonuniy savdo qilish dunyodagi eng yirik jinoyatlardan biri ekanligi, giyohvand modda, qurol-yarog‘ va odam savdosidan keyin to‘rtinchi o‘rinda turishini ta’kidladi.
“Yaqinda chop etilgan 2024-yilgi hisobotga ko‘ra, 162 mamlakatda yovvoyi hayvonlar bilan noqonuniy savdo holatlari aniqlangan va bu 4000 turdagi o‘simlik va hayvonlarga ta’sir qilgan, ulardan 3250 tasi CITES ro‘yxatiga kiritilgan. Hukumatlar tomonidan 13 milliondan ortiq tovar musodara qilingan”, — dedi u.
Aziz Abduhakimov bu holatga barham berish uchun qator takliflarni ilgari surdi.
“Yovvoyi tabiat bog'lari, parvarishlash markazlari va mahalliy o'simliklar uchun xususiy sektor investitsiyalarini rag'batlantirish, bioxilma-xillikni asrash va mahalliy jamoalar uchun foyda keltiradigan tabiatga asoslangan turizm tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash lozim, — dedi Aziz Abduhakimov. — Atrof-muhit bo'yicha muhandislar, bojxona xodimlari, veterinariya va karantinni nazorat qilish xizmati uchun mintaqaviy o'quv dasturlariga investitsiyalar kiritish ham maqsadga muvofiq. Yaqinda tashkil etilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o'zgarishini o’rganish universiteti (“Green University”) atrof-muhit bo'yicha bunday treninglar uchun mezbonlik qilishga tayyor”.
Ta’kidlash joizki, jahon tendensiyalari mavjud moliyaviy oqimlarning yetarli emasligini ko‘rsatmoqda — ular yiliga taxminan 143 mlrd dollarni tashkil etadi, shundan 80–85 foizi davlat sektoriga to‘g‘ri keladi. Kunmin–Monreal Bioxilma-xillik bo‘yicha global maqsadlarga erishish uchun esa yiliga taxminan 824 mlrd dollar talab etiladi.
Yuqori darajadagi muloqotda mintaqa mamlakatlarining tabiatni muhofaza qilishni moliyalashtirish bo‘yicha innovatsion yechimlari va amaliy tajribalari namoyish etildi. Ishtirokchilar ichki va xalqaro resurslarni, davlat va xususiy investitsiyalarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan yondashuvlarni muhokama qildilar.








