GEFning VIII Assambleyasi Samarqand shahrida o‘tkazilishi e’lon qilindi
2025-11-18 10:20:00 / Yangiliklar

“Sakkizinchi Assambleya hal qiluvchi pallaga to‘g‘ri keladi. 2030-yilga qadar belgilangan vazifalarni bajarishimiz uchun atigi to‘rt yil muddat qoldi. Shu bois hukumatlar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyatini yagona “Tabiat – Iqlim – Ifloslanish” tamoyili atrofida birlashtirib, sayyoramiz talab qilayotgan keng ko‘lamli va inklyuziv choralarni boshlab yuborishimiz zarur”, — dedi GEF bosh direktori va raisi Karlos Manuel Rodriges.
O‘zbekiston Respublikasi ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov esa 8-Assambleya barqarorlikni mustahkamlash va tabiatni asrashga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish va tajriba almashishni kengaytirishda muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi.
“Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan keng qamrovli islohotlar tufayli O‘zbekiston Markaziy Osiyoning ekologik markaziga aylanib bormoqda. Qadimiy va navqiron Samarqandda butun dunyodan keladigan mehmonlarni kutib olish biz uchun sharafdir. Ishonamizki, GEF Assambleyasi sayyoramiz kelajagi uchun hamkorlik, birdamlik va umumiy mas’uliyat ramziga aylanadi”, — dedi vazir.
Ta’kidlash joizki, GEFning VIII Assambleyasi 186 a’zo mamlakat vazirlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, biznes yetakchilari, fuqarolik jamiyati faollari, mahalliy jamoatchilik, xotin-qizlar va yoshlarni bir joyga jamlab, global ekologik maqsadlarga erishish bo‘yicha tezlashtirilgan yo‘l xaritasini belgilaydi. Unda bioxilma-xillikni saqlash, yerlarni tiklash, kimyoviy ifloslanishni kamaytirish va iqlimga chidamlilikni mustahkamlash bo‘yicha strategik investitsiyalar qanday amalga oshirilishini muhokama qilinadi. Asosiy iqtisodiy tizimlarni transformatsiya qilish orqali barqaror natijalarga erishishga e’tibor qaratiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 1995-yilda GEFga qo‘shilganidan buyon milliy va mintaqaviy grantlarning turli portfelidan foydalanib kelmoqda. Ushbu qo‘llab-quvvatlash noyob landshaftlarni asrash, ozon qatlamini yemiruvchi moddalarni bosqichma-bosqich to‘xtatish, past uglerodli transport tizimi uchun birinchi tezkor avtobus yo‘lagini yaratish hamda ekologik muammolarni hal qilish bo‘yicha salohiyatni mustahkamlashga yordam berdi.
Hamkorlik, shuningdek, Markaziy Osiyo transchegaraviy bioxilma-xillik loyihasi va Orolbo‘yi dasturlari orqali transchegaraviy ekotizimlarni boshqarish va iqlimga moslashuvni kuchaytirdi. GEF ko‘magida O‘zbekiston xalqaro konvensiyalar doirasidagi majburiyatlarini samarali bajarmoqda va turli yirik dasturlarda faol qatnashmoqda.




