Arnasoyda “O‘zbekiston – Xitoy do‘stlik galofit bog‘i” barpo etildi
2025-11-12 14:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda Ekologiya vazirligi va O‘rmon agentligi mas’ullari, Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon ekologiya va geografiya instituti professorlari, Ninsya-Xuay avtonom tumani ekologiya va o‘rmon sohasidagi mutasaddilari hamda mamlakatimizdagi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, “Yashil loyiha” loyihalash instituti, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi, Arnasoy tumani hokimligi mas’ullari, hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklari mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov mamlakatimizda Prezident tashabbusi bilan iqlim o‘zgarishlarining oldini olish, yangi o‘rmonzorlar barpo etish va tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, yangi bog‘ yashillik darajasini oshirishga xizmat qilishini ta'kidladi.
"Yangi galofit bog‘i respublikamizda yashillik darajasini oshirish, ekotizimlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu boradagi ishlar doimiy tarzda izchil davom ettiriladi,” – dedi U.
Seminar ishtirokchilari suvsizlik va sho‘rlanishga chidamli galofit o‘simliklari bog‘i tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdilar.
Qolaversa, galofit o‘simliklarni yetishtirishning ilmiy asoslari, agrotexnik tadbirlar, tejamkor sug‘orish texnologiyalarini joriy etish va iqlim o‘zgarishi sharoitida barqaror agroekotizim yaratish masalalari muhokama qilindi.
Seminar davomida xitoylik mutaxassislar tomonidan amaliy ko‘rgazmalar o‘tkazilib, ishtirokchilarga galofit o‘simliklarini ekish va parvarishlash, tuproq sho‘rlanishini kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda bu o‘simliklarning ahamiyati haqida tavsiyalar berildi. Yakunda xitoylik mehmonlar yangi galofit bog‘i hududiga esdalik uchun manzarali daraxt ko‘chatlari ekishdi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga mos 122 turdagi galofit o‘simliklar ro‘yxati shakllantirilib, 2025-yil iyun oyida Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon ekologiya va geografiya instituti hamkorligida 35 turdagi 1,3 tonna galofit o‘simliklari urug‘lari olib kelingan.







