Katta oq qarqara, ukki va suv tovug‘i fotoqopqonda
2025-11-12 11:30:00 / Yangiliklar

Katta oq qarqara laylaksimonlar turkumiga mansub bo‘lib, qutb hududlaridan boshqa hamma joylarda tarqalgan. Tanasi 28-140 sm, qanoti 13,5-47 sm, ogʻirligi esa 1,25-2 kgga teng. Suv havzasi qirgʻoqlaridagi chakalakzorlarda, oʻtloq yoki ochiq yerlarda hayot kechiradi. Mayda baliq, baqalar, mollyuskalar, hasharotlar, baʼzan kemiruvchilar, qushlar va boshqa hayvonlar bilan oziqlanadi.
Ukki (Yevroosiyo burgut-boyoʻgʻlisi) — boyqushlar oilasiga mansub, yapaloqqushlar turkumining eng yirik vakillaridan bo‘lgan yirtqich qush turi hisoblanadi. Katta tanasi, qizgʻish va hurpaygan patlari, yorqin toʻq sariq koʻzlari hamda ularning ustidagi tik pat tutamlari bilan xarakterlanadi. Xalqaro ornitologlar ittifoqi ukkini 16 kenja turga ajratgan.
Ukkilar oʻrmon va dasht mintaqalarida tarqalgan, bu yerda yetarli oziq-ovqat zaxiralari va uya qurish uchun inson qadami yetishi qiyin boʻlgan hududlar mavjud. Turli xil biotoplarga moslashadi. Insonlardan qochmaydi va baʼzan shahar chegaralarida in quradi. Oʻtroq qush. Quyon, kemiruvchi, tipratikan, qargʻa, suv qushlari, tovuqlar, shuningdek, boshqa koʻplab umurtqali hayvonlarni ovlaydi. Uyalash yiliga bir marta qishda yoki erta bahorda, yer hali qor bilan qoplangan davrda boshlanadi. Asosan, past archa shoxlari, tosh uyumlari va buzilgan magistrallar, yoriqlar va jarliklarga, ixtiyoriy ravishda togʻ va daryo vodiylarining tik yon bagʻirlariga in qurishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Zarafshon milliy tabiat bog‘i 2018-yilda tashkil etilgan. U Samarqand viloyatining Jomboy va Bulungʻur tumanlari hududida, Zarafshon daryosining oʻng qirgʻogʻida joylashgan. Bog'da sut emizuvchilarning 26 turi, qushlarning 218 turi, sudralib yuruvchilarning 10 turi, baliqlarning 18 turi va suvda hamda quruqlikda yashovchilarning 2 turi yashaydi.


