“Samarqand – 2025” IV xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi boshlandi
2025-11-10 15:30:00 / Yangiliklar

Mazkur yirik tadbir doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamkorligida “Samarqand – 2025” IV xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi tashkil etildi.
Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi “Jannat makon” bog‘i dunyoning turli burchaklaridan kelgan san’at ustalariga o‘z bag‘rini ochdi. Bir oy davomida ochiq osmon ostidagi ijodiy laboratoriyaga aylanadigan mazkur bog‘da shahar ahli va san’at muxlislari Yaponiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Eron, Turkiya, Hindiston, Gruziya, O‘mon va O‘zbekiston haykaltaroshlik ustalarining betakror ijodiy mahoratidan bahramand bo‘lishadi.
“Bizning sayyoramiz – bizning uyimiz” shiori ostida o‘tkazilayotgan bu yilgi simpozium ekologiya va tabiatni asrash mavzusiga bag‘ishlangan. Ya’ni asosiy e’tibor dolzarb ekologik masalalar, tabiatni muhofaza qilish va barqaror kelajakni shakllantirishda insonning roliga qaratiladi.
Tadbir doirasida professional haykaltaroshlar ishtirokida san’at yo‘nalishidagi ta’lim maskanlari talaba-yoshlari uchun mahorat darslari, ekologiya va san’at mavzusidagi taqdimotlar, davra suhbatlari o‘tkaziladi, shuningdek, qadimiy Samarqand va Buxoro shaharlaridagi obidalarga sayohatlar uyushtiriladi.




