Oʻzbekistonda Orolbo‘yida yashil texnologiyalarni yaratish va tadqiq qilish bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etiladi
2024-06-27 09:45:00 / Yangiliklar
Tashrif davomida Orolboʻyi xalqaro innovatsion markazi direktori B.Habibullaev va Shinjon ekologiya va geografiya instituti bosh direktori oʻrtasida “Orolbo‘yida yashil texnologiyalarini tadqiq qilish, ishlab chiqish va namoyish etish bo‘yicha qo‘shma laboratoriya” tuzish bo'yicha shartnoma imzolandi. Ta'kidlash joizki, qurg‘oqchil hududda joylashgan Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumani va Orol dengizi mintaqasi ham xuddi shunday ekologik muammolarga duch kelmoqda.
Laboratoriya Orolboʻyida iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, ekologik tiklanish, suv resurslarini boshqarish va qishloq xoʻjaligi mahsuldorligini oshirish sohalarida ilmiy almashinuv va innovatsion hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ushbu laboratoriya Xitoy va Markaziy Osiyoning ekologiyani tiklash, yuqori samarali suvni tejaydigan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslaridan barqaror foydalanish va biologik xilma-xillikni saqlash kabi muhim sohalarda tajribasi va texnologiyasidan foydalanadi. Olimlar Orolboʻyining yashil va barqaror rivojlanishiga yoʻnaltirilgan har tomonlama ekologik tiklash boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Bir belbog‘ – bir yo‘l” loyihasi doirasidagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha yuqori darajadagi 3-forumdagi ma’ruzasida Orolboʻyi xalqaro innovatsiyalar markazi negizida “yashil” bilim va yechimlar uchun ilmiy-axborot platformasini yaratish zarurligini taʼkidlagan edi. Bu yo‘nalishda markaz ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, cho‘llanishga qarshi kurashish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha turli loyihalarni amalga oshirib, xorijiy hamkorlar, dunyoning turli mamlakatlaridagi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan ko‘p bosqichli hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqda.