O‘zbekiston raisligida IHTga a’zo davlatlar turizmi yanada rivojlanishi ta’kidlandi
2024-06-02 14:40:00 / Yangiliklar
Tadbirda Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Xusrav Noziri, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, yuqori martabali mehmonlar, xorijiy delegatlar vakillari, mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Turizm vazirlari Islom konferensiyasi XI sessiyasi raisi (Ozarbayjon Respublikasi) raislikni O‘zbekiston Respublikasiga topshirdi.
Tadbirda nutq so‘zlagan Aziz Abduhakimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida turizmni iqtisodiyotimizdagi strategik sohalardan biriga aylantirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.
“2023-yil yakunida Oʻzbekistonda turizm sohasi toʻliq qayta tikladi. Yurtimizga 7 million nafar sayyoh tashrif buyurdi. Ichki turizm yoʻnalishida 21 million sayohat amalga oshirildi. Turizm xizmatlari eksporti 2,1 milliard dollardan oshib, umumiy xizmatlar eksportining 40 foizni tashkil qildi, — dedi vazir. — Sohada bugungi kunda 370 ming kishining bandligi ta’minlangan. Jadal rivojlanayotgan turizm biznesi muhiti, tadbirkorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar, yangi infratuzilma va imkoniyatlar sabab, aholi orasida, ayniqsa, yoshlar uchun turizm ommabop sohaga aylanib bormoqda. Turizm xizmatlari diversifikatsiya qilinishi evaziga xorijiy sayyohlarning Oʻzbekistonda oʻrtacha qolish muddati 2017-yildagi 3-4 kundan hozirda 8-10 kungacha uzaytirildi”.
Shuningdek, A.Abduhakimov Oʻzbekiston oʻz raisligi davomida IHT hududida “kelajak turizmi”ni shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratishini ta’kidlab, “Smart-turizm manzillari” dasturini amalga oshirish, “Islom turizm maskanlari” dasturi hamda mega-infoturlar tashkil qilish, “IHT Turizm infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi”ni tuzish, Islom sivilizatsiyasi uchun qadrli madaniy meros obyektlarini restavratsiya va konservatsiyasiga homiylik va xayriya faoliyatini kuchaytirish, “IHT Ekoturizm tarmogʻi”ni shakllantirish, BMT Turizm tashkiloti va Samarqanddagi Xalqaro turizm akademiyasi oʻrtasida yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi takliflarni ilgari surdi.
IHT Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha konferensiya yuqori darajada tashkil etilgani, samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga va O‘zbekiston xalqiga minnatdorlik bildirdi.
“Islom turizmiga qiziqish ortib borayotgani IHTga aʼzo davlatlarga sanoatni rivojlantirishda muhim afzalliklarni taqdim etadi. Halol ta'minot zanjiridan foydalanish borasida jamoaviy harakat qilish islom turizmini targ'ib qilishda muhim ahamiyatga ega. Islom turizmi bugungi kunda iqtisodiy o'sishni ta'minlovchi eng ta'sirli tarmoqlardan biriga aylandi va shuningdek, IHT doirasida turizmni sezilarli darajada yaxshilash imkoniyatini taqdim etadi. Bu aʼzo davlatlar uchun ushbu jadal rivojlanayotgan sektorning iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy afzalliklaridan foydalanish uchun ajoyib imkoniyatdir”, — dedi Husayn Ibrohim Toha.
Shuningdek, u tashkilotga aʼzo davlatlarni hamkorlikni kengaytirish va ilgʻor tajriba almashishga chaqirdi.
Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malik ham yig‘ilganlar oldida nutq so‘zladi. U madaniy merosni turli yo‘nalishlarda asrab-avaylash muhimligini ta’kidlab, tashkilotning bu boradagi tavsiyalarini bildirdi, xususan, sohaga yangi texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish dolzarb masala ekanligiga e’tibor qaratdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston turizm salohiyati haqida taqdimot ham o‘tkazildi. Taqdimotda yurtimizning boy madaniy merosi, chet ellik sayyohlarni o‘ziga doimiy jalb qilib kelayotgan muqaddas qadamjolar va boshqa turistik obyektlar namoyish qilindi
Shuningdek, ikkita ishchi sessiyalar ham tashkil qilindi. Birinchi ishchi sessiyada Vazirlar konferensiyasining kun tartibi va ish dasturi qabul qilindi. Shu bilan birga, ICTM XII sessiyasining yuqori mansabdor shaxslari majlisi raisining hisoboti va IHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlarining bayonotlari taqdim etildi.
Ikkinchi ishchi sessiyada esa Vazirlar va delegatsiyalar rahbarlarining bayonotlari davom ettirildi, turizmni rivojlantirish bo‘yicha qaror ko‘rib chiqildi va qabul qilindi. Bundan tashqari, ICTM XIII sessiyasining sanasi va joyi aniqlandi va boshqa muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, 2022-yilda Bakuda bo‘lib oʻtgan Islom hamkorlik tashkilotining XI sessiyasi doirasida ilk bor Oʻzbekiston shaharlaridan biri – Xiva 2024-yil “Islom dunyosining turizm poytaxti” deya eʼlon qilindi. Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) e’tirofning asosiy omillari sifatida viza rejimining soddalashtirilishi, madaniy merosni saqlash, tarixiy shaharlarni obodonlashtirish kabi koʻplab islohotlarni eʼtirof etgan.
Shu oʻrinda Xiva shahrining tarixiy qiyofasi tiklanishi, restavratsiya va konservatsiyaga oid amalga oshirilgan ishlar, qolaversa, elektr ustunlarning demontaj qilingani, sayyohlarning katta oqimini qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar, infratuzilmaning yaxshilangani, 5 yulduzli mehmonxona qurilishi hamda butik-otel va hostellar qurilishi faol davom etayotgani alohida qayd etilgan. Bundan tashqari, turizm va unga yondosh sohalar tadbirkorlari uchun yaratilgan qulay sharoitlar yuqori baholangan.