audio

    0+
    Chiqindilarni qayta ishlab, energiya olish borasida hamkorlik memorandumi imzolandi

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Xitoyning “Shanghai SUS Environment” chiqindilarni boshqarish sohasidagi kompaniyasi raisi Zishen Long o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuvda Xitoy tomoniga respublikada chiqindilarni qayta ishlash tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada hal etilishi lozim bo‘lgan qator muammolar haqida ma’lumot berildi.

    Xususan, hozirgi vaqtda chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish tizimi yaratilmagani, chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lov tariflari so‘nggi 4 yil davomida qayta ko‘rib chiqilmagani, bu sohadagi iqtisodiy vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlash joizki, mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi “Chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va uning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

    O‘z navbatida, Zishen Long bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga ijobiy baho berib, kompaniya muammolarni hal etishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanligini ta’kidladi.

    Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va "Shanxay SUS Environment" kompaniyasi o‘rtasida chiqindilardan energiya ishlab chiqarish loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Ma'lumot uchun, "Shanxay SUS Environment" qattiq maishiy chiqindilarni yoquvchi zavodlarning eng yirik yetkazib beruvchisi va Xitoyda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishning integratsiyalashgan tizimlari yetakchi ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Katta tajriba va ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lgan kompaniya qattiq maishiy chiqindilardan energiya ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalarga sarmoya kiritadi, quradi va ulardan foydalanadi.

    • view_icon 196