FAO bilan bioxilma-xillikni koʻpaytirish va ekotizimlarni saqlashga qaratilgan kelishuv imzolandi
2024-05-05 12:20:00 / Yangiliklar
Mazkur kelishuv orqali FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi” loyihasi amalga oshirilishi belgilandi.
Loyihaning asosiy maqsadi bugʻdoyga asoslangan, barqaror va inklyuziv ishlab chiqarish landshaftlari va qiymat zanjirlari uchun eng yaxshi amaliyot hamda innovatsiyalarni joriy etishdan iborat. Shuningdek, loyiha hududlar kesimida butun mamlakat boʻylab bioxilma-xillikni koʻpaytirish hamda global atrof-muhit foydalari uchun ishlab chiqarish landshaftlarida ekotizimlarni saqlash va tiklash hamda qishloq xoʻjaligini teng ravishda qoʻllab-quvvatlash uchun kengaytirilgan ekotizim xizmatlarini yaratishga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, loyihani oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida yurtimizda joriy yilning 26-fevral kuni “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti hamda Global ekologik jamgʻarma ishtirokida “Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va yerni qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 102-sonli qarori qabul qilingan.
Loyihani amalga oshirish natijasida Respublika boʻyicha 350 000 gektar sugʻoriladigan va lalmikor yer maydonlari landshaftida barqaror oziq-ovqat ishlab chiqarish uchun ilgʻor texnologiyalar, bioxilma-xillikni yaxshilash boʻyicha ulardan oqilona foydalanish uchun samarali boshqarish orqali lanshaftlar maydonini 50 000 gektarga yetkazish belgilanmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarish landshaftlarida ekotizimlarni saqlash va tiklash hamda qishloq xoʻjaligini teng ravishda qoʻllab-quvvatlash orqali Global atrof-muhit yaxshilanishi koʻzda tutilmoqda.