audio

    0+
    O‘zbekistonda birinchi chiqindilarni yoqish zavodini qurish rejalashtirilmoqda

    2-may kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va “China CAMC Engineering” kompaniyasi raisi Van Bo o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ma’muriy islohotlar, shuningdek, chiqindilarni boshqarish tizimi borasida vazirlik zimmasiga yuklangan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi.

    Shu bilan birga, mamlakatimizda qulay investitsiya muhitini yaratish va investitsiya jozibadorligini oshirish borasidagi izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.

    O‘z navbatida, Xitoy tomoni chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va atrof-muhitni muhofaza qilish sanoatini rivojlantirish bo‘yicha rejalar potensial hamkorlar va investorlar uchun aniq belgilab berilganini qayd etdi.

    Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Xitoy Xalq Respublikasining “China CAMC Engineering Co., Ltd” kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida chiqindilarni yoqish elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Uchrashuv yakunida Oʻzbekistondagi chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni oʻrganish va tashkil etish hamda respublika rahbariyatiga taqdim etish uchun zavodning dastlabki loyihasini ishlab chiqish maqsadida Xitoydan ekspert guruhini yuborish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

    Bundan tashqari, ekoturizm sohasida hamkorlik qilish va Samarqand viloyatining tog‘li hududlarida yangi kanat yo‘lini qurish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

    Uchrashuvdan so’ng mehmonlarni havo sifati monitoringi va ekologik qoidabuzarliklarga javob berishning onlayn tizimi hamda chiqindilarni yig‘ish va tashish uskunalarini kuzatish tizimi bilan tanishtirish maqsadida vazirlikning Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziga tashrif uyushtirildi.

    Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga kelishib oldilar.

    • view_icon 409
    : 2024-05-06 14:14:43