Atrof-muhit monitoringi
Faoliyat haqida
1. Atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi — atrof tabiiy muhitning ifloslanish darajasini aniqlash, uning ekologik holatini baholash, salbiy jarayonlarning oqibatlarini prognoz qilish bartaraf etish maqsadida atrof tabiiy muhitning biotik va abiotik komponentlarining holatini, ularning ifloslanish va antropogen faoliyatning boshqa zararli ta’sirlari (jarayonlari) tufayli o‘zgarishini hamda tabiiy resurslardan foydalanishni tasdiqlangan dastur bo‘yicha muntazam kuzatish tizimi;
– monitoring ob’ektlari — atrof tabiiy muhitning biotik va abiotik tarkibiy qismlari va tabiiy resurslardan foydalanish, shuningdek, tabiiy muhitga ta’sirning tabiiy, texnogen va tabiiy-texnogen omillari hamda manbalari;
– atrof tabiiy muhit monitoringi tizimi — atrof tabiiy muhitning davlat va ishlab chiqarish monitoringidan iborat bo‘lgan muntazam kuzatishlarning o‘zaro bog‘liq tizimi;
– Atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasi — atrof tabiiy muhitning holati va ifloslanish manbalari to‘g‘risidagi axborotni geografik ma’lumotlar hamda zarur ob’ektlar haqida ular bilan bog‘liq bo‘lgan axborotni grafik vizuallashtirish orqali GIS-texnologiyalar asosida to‘plash, tahlil qilish va saqlashning elektron tizimi;
– atrof tabiiy muhitning ishlab chiqarish monitoringi — atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning tegishli xizmatlari tomonidan amalga oshiriladigan atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining bir qismi hisoblangan monitoring;
– atrof tabiiy muhit — tabiiy va sun’iy ob’ektlar, shu jumladan atmosfera havosi, Yerning ozon qatlami, yer usti va yer osti suvlari, yer, yer qa’ri, o‘simlik va hayvonot dunyosi;
– atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish — atrof tabiiy muhitni saqlash va tiklashga, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning atrof tabiiy muhitga salbiy ta’sirining oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltirilgan davlat va jamoatchilik chora-tadbirlari tizimi;
– fon monitoringi — sanoat va xo‘jalik faoliyati ob’ektlaridan olisda bo‘lgan, insonning aralashishiga minimal darajada jalb etilgan hududlarga barcha atrof tabiiy muhit ob’ektlarida ifloslantiruvchi moddalarning mavjudlik darajasi bo‘yicha qo‘riqlanayotgan tabiiy hududlarda joylashgan statsionar kuzatish punktlarida (postlarda) amalga oshiriladigan uzoq muddatli tizimli kuzatishlar;
– maxsus vakolatli davlat organlari — atrof tabiiy muhitning davlat monitoringini amalga oshirish yuklatilgan davlat boshqaruvi organlari;
– statsionar kuzatish punkti (post) — atmosfera havosi, yer usti va yer osti suvlari namunalarini muntazam olish va keyinchalik kimyoviy tahlil qilish uchun mo‘ljallangan priborlar va uskunalar, shu jumladan, avtomatik stantsiyalar o‘rnatilgan yer uchastkasini o‘z ichiga olgan, atrof tabiiy muhitning holatini va unga ta’sir ko‘rsatuvchi manbalarini oldindan tadqiq etish asosida tanlangan joylarda joylashgan kompleks.
2. Atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi faoliyati O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida” qonunining 28-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2019 yil 5 sentyabrdagi VMQ-737-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi to‘g‘risidagi Nizom” talabalari asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhitning holati va uning resurslarini kuzatish, hisobga olish, ularga baho berish va ularning istiqbolini belgilashni ta’minlash maqsadida atrof-muhitning davlat monitoringi tizimi tashkil etiladi.
Atrof tabiiy muhitning holati, tabiiy resurslardan foydalanish ustidan kuzatuv maxsus vakolat berilgan idoralar, shuningdek faoliyati atrof tabiiy muhitning holatini yomonlashtiradigan yoki yomonlashtirishi mumkin bo‘lgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida atrof muhit monitoringi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Geologiya va mineral resurslar vazirligi va Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Gidrometeorologiya xizmati markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi (keyingi o‘rinlarda Ekologiya vazirligi deb ataladi) tomonidan — atmosfera havosi, yer usti suvlari va tuproq ifloslanishi manbalari monitoringi, shuningdek, Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufidagi qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarda o‘simlik va hayvonot dunyosi monitoringini amalga oshiradi.
Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan — atmosfera havosi ifloslanishi, yer usti (tabiiy suv oqimlari) suvlar, tuproq ifloslanishi va fon monitoringi bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan — asosiy kollektorlarning kollektor-drenaj va meliorativ quduqlar suvlarining sifat tarkibi monitoringi bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan — qishloq xo‘jaligi yerlarining ifloslanishi, shuningdek tabiiy yaylovlar o‘simliklarining monitoringi bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi geologiya va mineral resurslar vazirligi tomonidan — yer osti suvlari ifloslanishi va xavfli geologik jarayonlar monitoringi bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan — o‘rmon fondi yerlaridagi, shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi agentligi tasarrufidagi boshqa ob’ektlardagi o‘simlik va hayvonot dunyosi monitoringi bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan — atrof tabiiy muhitning sanitariya-gigienik monitoringi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi quyidagilardan iborat bo‘ladi:
– atmosfera havosi, yer usti suvlari va tuproq ifloslanishi (emissiya) manbalari monitoringi;
– atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi;
– yer usti suvlari ifloslanishi monitoringi;
– kollektor-drenaj suvlarining sifat tarkibi monitoringi;
– yer osti suvlari ifloslanishi monitoringi;
– xavfli geologik jarayonlar monitoringi;
– yerning ifloslanishi monitoringi;
– o‘simlik va hayvonot dunyosi monitoringi;
– atrof-tabiiy muhitning sanitariya-gigienik monitoringi;
– fon monitoringi.
Atrof tabiiy muhit davlat monitoringi bo‘yicha ishlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan va kamida 5 yilda bir marta qayta ko‘rib chiqiladigan Atrof tabiiy muhit davlat monitoringi dasturi bo‘yicha o‘tkaziladi.
Atrof tabiiy muhit davlat monitoringi maxsus tashkil etilib, muntazam o‘tkaziladigan tabiiy muhit holatini kuzatishlarni (miqdor va sifat ko‘rsatkichlarini o‘lchash, namunalarni olish, ularni tahlil qilish, punktlarda kuzatish, suratga olish, tekshirish, tadqiqotlar o‘tkazish va masofadan turib kuzatishni) hamda:
– atrof tabiiy muhitga ta’sir manbalarining holati;
– atrof tabiiy muhitga ta’sirning fizik, kimyoviy, geologik va biologik jarayonlari va omillari;
– atmosfera havosi, yer usti va yer osti suvlari, tuproq va geologik muhit ifloslanishi darajasining holati;
– o‘simlik va hayvonot dunyosining holati, turli antropogen va tabiiy omillar ta’siri ostida ularning o‘zgarishi (transformatsiyasi) jarayonlaridagi o‘zgarishlarni aniqlashni, baholashni va prognozlashni o‘z ichiga oladi.
Atrof tabiiy muhitning holatini baholash izchil (davriy va joriy) kuzatishlarni, o‘zgarishlarning yo‘nalishi va intensivliligini umumlashtirish va tahlil qilish, olingan ko‘rsatkichlarni atrof tabiiy muhitning sifat holati normativlari bilan taqqoslash yo‘li bilan va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik zararni hisobga olgan holda bajariladi.
Atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi bazasida shakllantiriladi. Markaz maxsus vakolatli davlat organlari hamda atrof tabiiy muhitning idoraviy monitoringini olib boruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar to‘planishi, saqlanishi, qayta ishlanishi va tahlil qilinishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi:
Atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasi orqali:
– barcha idoraviy axborot tizimlari bilan axborot bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni tashkil etadi;
– atrof tabiiy muhitning ifloslanishi darajasi va tabiiy resurslardan foydalanish to‘g‘risidagi umumlashtirilgan ma’lumotlarni integratsiyalashtiradi va tahlil qiladi;
– atrof tabiiy muhit monitoringi bo‘yicha davlat dasturlari bajarilishini, ularga tuzatish kiritish to‘g‘risida takliflar ishlab chiqilishi va umumlashtirilishini nazorat qiladi;
– respublika va ma’muriy-hududiy tuzilmalar doirasida ekologik vaziyatning o‘zgarishlarini prognozlashtiradi, atropogen faoliyat natijasida tabiiy muhitga yetkaziladigan zararni baholaydi;
– tabiatdan foydalanishni boshqarishni, tabiiy resurslarni muhofaza qilishni va ekologik nazoratni axborot bilan ta’minlaydi;
– aholi va jamoatchilikni ekologik vaziyat to‘g‘risida xabardor qiladi.