SSV: Korrupsiyaga qarshi xalqaro standart joriy qilinadi
2025-08-07 09:40:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan Sog'liqni saqlash vaziri A.Xudayarov Evropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegasiyasi hamkorlik bo'yicha loyiha menejeri ya.Kurpisha, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) dasturi rahbari V.Kessler va korrupsiya bo'yicha maslahatchi J.Berdiev bilan uchrashuv o'tkazdi.
Unda sog'liqni saqlash tizimini transformasiya qilish doirasida davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar bo'yicha xorijiy hamkorlarga batafsil ma'lumot berilib, korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi xalqaro standartini (ISO 37001:2025) joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Bu xalqaro standart talablarini vazirlikda qo'llash uchun korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan 14 ta ichki lokal hujjat yangi tahrirda qabul qilinib, idoraviy mexanizmlar joriy etildi hamda "korrupsiyasiz soha" loyihasi amalga oshirilmoqda.
Tizimda korrupsiya faktlari haqida xabar berish bo'yicha "1203" qisqa raqamli aloqa va "t.me/ssvantikor_bot" Telegram bot kanallari, shuningdek, ssv/pages/komplaens-xizmati saytida sahifa, "ssvuz/compliaence" elektron pochtasi ishlamoqda.
Aholiga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida 4 ta axborot tizimi yaratildi, 2 tasi takomillashtirildi hamda 3 ta mobil ilova ishga tushirildi.
Respublikadagi 3 838 ta tibbiyot muassasasi DMED tizimiga ulanib, 32,8 mln. nafar aholining yagona elektron tibbiy kartasi shakllantirildi.
Suhbat davomida xalqaro tashkilotlar va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda vazirlikda boshlangan "huquqiy eksperiment" doirasida xalqaro standartni joriy qilish haqida to'xtamga kelindi.
Shuningdek, Evroittifoqning O'zbekistondagi delegasiyasi loyihasi doirasida tibbiyot sohasida korrupsiya xavfi yuqori bo'lgan yo'nalishlarda ilmiy-amaliy tadqiqotlar o'tkazish, zarur tavsiyalar ishlab chiqish va ularni amaliyotga keng joriy etishga kelishib olindi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.


