Tashqi ishlar vazirligining 2025-yil sentabr oyidagi faoliyati to‘g‘risida
Assalomu alaykum, qadrli kuzatuvchilar!
Sentabr oyi O‘zbekiston tashqi siyosiy hayotida muhim voqealarga, yuqori darajadagi uchrashuvlar va yirik xalqaro tadbirlarga boy davr bo‘ldi. Bu oy mamlakatimiz tashqi siyosatining faol, izchil va samarali yo‘nalishda rivojlanayotganini yaqqol namoyon etdi.
Mamlakatimizning xalqaro maydondagi ishtiroki yanada kengayib, xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli siyosiy forumlar va uchrashuvlar strategik sheriklikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni ilgari surish va global kun tartibidagi dolzarb masalalarda O‘zbekistonning konstruktiv pozitsiyasini ifodalashga zamin yaratdi.
Bugungi brifingda esa ana shu dolzarb siyosiy uchrashuvlar, xalqaro tadbirlar va ularning amaliy natijalari haqida so‘z yuritamiz.
I. Dastlab, ikki tomonlama siyosiy tadbirlarga to‘xtaladigan bo‘lsak: O‘tgan oy davomida O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyati yanada faollashib, xalqaro maydondagi muloqot va hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Sentabr oyida mamlakatimizga 60 ga yaqin yuqori darajadagi tashrif amalga oshirilgan bo‘lsa, O‘zbekiston delegatsiyalari tomonidan 80 dan ortiq xorijiy tashriflar tashkil etildi.
Xususan, 14-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) va Arab davlatlari ligasining Isroilning Qatar Davlatiga hujumini muhokama qilishga bag‘ishlangan qoʻshma favqulodda sammitiga tayyorgarlik bo‘yicha tashqi ishlar vazirlari yig’ilishida ishtirok etdi. Kun tartibi dolzarb mintaqaviy va global muammolar, tinchlikka tahdid solayotgan yangi xavf-xatarlar, shuningdek, muloqot va muzokaralarning ustuvor ahamiyatiga qaratildi.
15-sentabr kuni arab-islom sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sammit ishtirokchilariga yo‘llagan murojaati yetkazildi.
Shuningdek, joriy yilning 20-27-sentabr kunlari Nyu-York shahriga amalga oshirilgan tashrif doirasida Keniya, Albaniya, Qirg’iziston, Yaponiya, Uganda, Kuba, Qozog’iston, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya, Ukraina, Jazoir, Tojikiston, Belarus, Bolgariya, Palau, Bangladesh, Kipr, Germaniya, O‘mon Sultonligi, Misr, Mo‘g‘uliston, Bahrayn Podshohligi, Serbiyaning tashqi ishlar vazirlari hamda Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi, YXHT Bosh kotibi, AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari, Avstriya Respublikasining Yevropa va xalqaro ishlar bo‘yicha federal vazirlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.
Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi bir qator yuqori darajadagi tadbirlarda ishtirok etdi, jumladan:
BMT Xavfsizlik Kengashining sun’iy intellekt va xalqaro tinchlik hamda xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan ochiq bahsi;
IHT Tashqi ishlar vazirlarining yillik muvofiqlashtirish yig‘ilishi;
Al-Hol lageri, atrofdagi lagerlar va qamoq joylaridan shaxslarni qaytarishga bag‘ishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyalarda O‘zbekiston delegatsiyalari mamlakatimizning faol pozitsiyasini namoyon etdilar.
O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston TIV rahbari Ozarbayjon, Qozog‘iston, Germaniya tashqi siyosat idoralari rahbarlari bilan telefon orqali muloqotlar o‘tkazgan bo‘lsa, Fransiya va Rossiya davlatlarining mamlakatimizdagi yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi.
Shunindek, 8-sentabr kuni TIV binosida "JICA", "JETRO" hamda yetakchi yapon kompaniyalari — "Sumitomo Corporation", "ITOCHU Corporation", "Toyota Tsusho Corporation", "Marubeni Corporation", "MITSUI & Co", "Mitsubishi Corporation", "Sojitz Corporation" vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot davomida O‘zbekistonda xorijiy ishbilarmonlar uchun amalga oshirilayotgan amaliy islohotlar, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va yapon kompaniyalarining boy tajribasidan samarali foydalanish asosida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shu o‘rinda, TIV rahbariyati tomonidan sentabr oyi davomida 70 ga yaqin uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi. Shuningdek, vazirlik rahbariyati xalqaro forum va tadbirlarda faol ishtirok etib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, dolzarb mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha amaliy yechimlarni ilgari surish borasida muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Mazkur muloqotlar natijasida bir qator istiqbolli kelishuv va amaliy natijalarga erishildi.
Jumladan, 30-sentabr kuni Boku shahrida bo‘lib o‘tgan “II O‘zbekiston–Ozarbayjon mediaforumi” do‘st va qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi axborot sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Mazkur tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi davomida imzolangan “yo‘l xaritasi” doirasida tashkil etilib, raqamli transformatsiya, axborot xavfsizligi va media hamkorligini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. Forum davomida ikki mamlakatning tegishli idoralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
II. Bundan tashqari, iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishida ham izchil faoliyat olib borildi. O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, eksport hajmini oshirish va aniq loyihalarni amalga oshirish maqsadida mamlakatimiz hududlarida 5 ta hamda xorijda 15 ta biznes-forumlar o‘tkazildi.
Jumladan, 21-22 sentabr kunlari Xiva shahrida “Xalqaro investitsiya forumi” o‘tkazildi. TIV tomonidan forumda Toshkentdagi 11 nafar diplomatik korpus vakillari va xalqaro tashkilotlarning vakolatli shaxslari hamda O‘mon, Misr, Pokiston, Singapur, Saudiya Arabistoni, Polsha, Latviya, Turkiya, Eron, Avstraliya, AQSH, Turkmaniston, Rossiya, Malayziya, Afg‘oniston, BAA va boshqa davlatlardan 205 ga yaqin kompaniya vakillari ishtiroki ta’minlandi.
III. Shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash borasida ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. Joriy oyda 24 ta xalqaro shartnoma imzolandi, 18 tasi esa kuchga kirdi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ishonchli va faol hamkor sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xususan, sentabr oyida Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Keniya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi Kommyunike imzolandi. Bu esa mamlakatimiz tashqi siyosati doirasida yana bir muhim yutuq bo‘lib, Afrika qit’asidagi istiqbolli sheriklik aloqalarini rivojlantirish sari tashlangan navbatdagi qadamlarimizdan biridir. Shu tariqa, O‘zbekiston diplomatik munosabatlar o‘rnatgan davlatlar soni 164 taga yetdi.
IV. Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-117-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Rahbar va xodimlarning mas’uliyatini oshirish, ijro intizomining samarali mexanizmini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, joriy yilning yanvar-sentabr oylari davomida vazirlik tomonidan “Ijro.gov.uz” elektron tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 652 ta Farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosi 100% bajarilib, belgilangan muddatlarda nazoratdan yechildi. Shuningdek, vazirlik asosiy mas’ul etib belgilangan 760 ta Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari ijrosini to‘liq va sifatli ta’minlashga erishildi.
Joriy yil oktabr oyi uchun vazirlik mas’ulligi ko‘rsatilgan 65 ta Davlat Rahbari, 107 ta Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari nazoratga olinib, ularni o‘z vaqtida va samarali bajarish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
V. Sentabr oyida Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muntazam muloqotni mustahkamlash borasida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Konsullik-huquqiy faoliyat doirasida:
- 10,258 nafar O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;
- chet elda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 942 nafar yurtdoshimizni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashildi;
- moddiy jihatdan og‘ir vaziyatga tushib qolgan 785 nafar fuqaromizga jami 32,281 AQSh dollari miqdorida moddiy yordam berildi;
- vaqtincha saqlash muassasalarida bo‘lgan 90 nafar fuqaro ozod qilindi;
- murakkab sharoitdagi ishsiz, voyaga yetmagan yoki boquvchisiz qolgan 189 nafar yurtdoshimiz, shuningdek, odam savdosi qurboni bo‘lgan 11 nafar fuqaro Vatanimizga qaytarildi.
Xorijdagi vatandoshlarimiz ishtirokida 92 dan ortiq madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib, ularga 7,000 ga yaqin vatandoshlarimiz jalb etildi. Shu davrda jismoniy va yuridik shaxslardan 10,225 ta murojaat qabul qilindi. Ulardan 9,877 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamenti hamda mas’ul tashkilotlar tomonidan hal etildi, qolgan 348 tasi esa tegishli manzillarga yo‘naltirildi. Barcha murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, murojaatchilarga o‘z vaqtida zarur konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatildi.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni tashqi siyosatining ajralmas yo‘nalishi sifatida ko‘radi. Vatandoshlarimiz dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lmasin, ularning xavfsizligi va qonuniy huquqlari masalasi doimo davlat e’tiborida bo‘ladi. Shu bois, har bir murojaat yoki yuzaga kelgan holat bo‘yicha O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rib kelinmoqda.
Hurmatli kuzatuvchilar,
Sentabr oyidagi diplomatik faoliyat natijalari O‘zbekiston tashqi siyosatining barqarorligi, xalqaro maydondagi ishonchliligi va strategik sherikliklarni mustahkamlashdagi samaradorligini yana bir bor tasdiqladi.
Mazkur oy mobaynida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar mamlakatimiz uchun yangi hamkorlik imkoniyatlari eshigini ochdi, xalqaro maydondagi ovozimizni yanada mustahkamladi va vatandoshlarimiz manfaatlarini himoya qilish yo‘lida diplomatik salohiyatimizni kengaytirdi.
Shu bilan sentabr oyidagi brifingimizni yakunlab, Tashqi ishlar vazirligi nomidan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy manfaatlarni himoya qilish va har bir vatandoshimizning huquqini qo‘llab-quvvatlashdagi sadoqatimizni yana bir bor ta’kidlaymiz.
E’tiboringiz uchun rahmat!
