Tashqi ishlar vazirligining 2025-yil mart oyidagi faoliyati to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining mart oyidagi faoliyati to‘g‘risida
Аssalomu alaykum,
Mart oyida mamlakatimiz tashqi siyosatidagi tashriflar, uchrashuvlar, muzokaralar va tadbirlar sermahsul hamda samarali bo‘ldi.
I. Ikki tomonlama siyosiy tadbirlarga to‘xtalsak, o‘tgan davrda yurtimizga 5 ta yuqori darajadagi hamda xorij davlat tashkilotlari vakillari, hududiy boshqaruv organlari delegatsiyalarining 38 ta tashrifi amalga oshirildi.
Yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyalarining 7 ta mamlakatga 8 marotaba tashrifi ishlab chiqilgan bo‘lsa, respublikamiz davlat tashkilotlari vakillari, viloyat hokimlari, ularning o‘rinbosarlari darajasida 50 ta xizmat safarini tashkillashtirishga amaliy ko‘mak berildi.
O‘tkazilgan barcha muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning chet davlatlar bilan aloqalarini yanada jadallashtirishga qaratilgan aniq takliflar hamda tegishli “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda. Xorijiy hamkorlar bilan siyosiy muloqotimiz jadallashib borayotgani ham mamlakatimiz xalqaro nufuzining ortayotganini yaqqol ifodalaydi.
O‘tgan oyda O‘zbekiston TIV rahbari kun tartibi tig‘iz va ko‘plab muzokaralarga boy bo‘ldi. Turli davlatlarga ikki tomonlama uchrashuvlar uchun tashriflar amalga oshirildi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vazirlar yig‘ilishlarida ishtirok etildi.
Jumladan, mart oyi boshida tashqi ishlar vaziri Islom hamkorlik tashkilotining navbatdan tashqari vazirlar yig‘ilishida qatnashdi.
Yig‘ilish doirasida Saudiya Аrabistoni, Turkiya, Misr, O‘mon, Kuvayt va Bahrayn tashqi siyosat idoralari rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.
20-mart kuni Xiva shahrida Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu kutib olindi. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik, strategik sheriklik va ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari mustahkamlanib bormoqda. Ko‘hna Xivada ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari Kengashining birinchi yig‘ilishi bayonnomasini imzoladi. Bu esa, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish yo‘lidagi navbatdagi qadamdir. Shuningdek, uchrashuv doirasida qardosh davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan konstruktiv va samarali muhokamalar o‘tkazildi.
27-mart kuni Аshxobodda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” vazirlarining 20-yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda umumiy intilishlar ifoda etilib, mamlakatlarimiz barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan asosiy masalalar yuzasidan keng qamrovli muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Shu kunning o‘zida tashqi ishlar vaziri Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov tomonidan qabul qilindi va O‘zbekiston Prezidenti samimiy salomini yetkazdi.
Jumladan, O‘zbekiston TIV rahbari mamlakatizga tashrif buyurgan bir qator xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari, xususan:
- Shanxay hamkorlik tashkilotining Bosh kotibi Nurlan Yermekbaev;
- Vetnam tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Le Thi Thu Hang;
- Gruziya tashqi ishlar vaziri Maka Bochorishvili;
- АQSh Kongressi aʼzosi Kerol Miller;
- Xalqaro hamkorlik boʼyicha Yevropa komissari Yozef Sikela;
- Belarus tashqi ishlar vaziri oʼrinbosari Pavel Utyupin;
- Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas bilan muloqotlar o‘tkazdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidentining Аfg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Vazirlik rahbariyati tomonidan 100 dan ortiq uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.
4-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Vetnam Sotsialistik Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 6-davrasi boʼlib oʼtdi.
Istanbulda Turkiy Davlatlar Tashkiloti Muvofiqlashtirish qo‘mitasining 5-yig‘ilishi o‘tkazildi. Delegatsiyalar rahbarlari 2025-yil may oyida Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan TDT norasmiy sammitining barcha tashkiliy- protokol masalalarini va mazmunini muhokama qildilar. Bundan tashqari, tadbir davomida tomonlar konstruktiv ruhda Turkiy hamkorlik tashkilotlarining 2025-yilga mo‘ljallangan harakatlar rejasi loyihasini ko‘rib chiqdilar va tasdiqladilar.
II. Endi eʼtiboringizni O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyasiga qaratamiz.
Dunyoning turli shaharlarida bo‘lib o‘tgan 17 ta ko‘p tomonlama tadbirlarda davlatimiz idoralari vakillari qatnashdilar. O‘zbekistonda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida 10 ta xalqaro tadbir o‘tkazildi.
III. Iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishida 300 dan ortiq turli tadbirlar o‘tkazildi.
Joriy yilning mart oyida O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, eksport hajmini oshirish va aniq loyihalarni amalga oshirish maqsadida mamlakatimiz hududlarida 5 ta hamda xorijda 19 ta jami 24 ta biznes-forumlar o‘tkazildi.
17-mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida 90 ga yaqin xitoylik tadbirkorlar ishtirokida “O‘zbekiston-Xitoy” biznes-forumi o‘tkazildi. Tadbir yakuni bo‘yicha dastlabki $447 mln.lik 60 ta investitsion loyihalar va eksport shartnomalar imzolandi.
Joriy yil 27-mart kuni Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi va Namangan viloyati hokimligi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida vebinar amalga oshirildi. Tadbirda 100 ga yaqin Turkiya kompaniya vakillarining ishtiroki ta’minlandi va Namangan viloyati savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm hamda boshqa sohalardagi salohiyat taqdimoti o‘tkazildi.
28-mart – 3-aprel kunlari Quyi Saksoniya va Saksoniya-Anxalt federal o‘lkalaridagi faxriy konsuli A.Papenburg (“GP Papenburg AG” kompaniyasi boshqaruvi a’zosi) boshchiligidagi 15 dan ortiq Germaniya biznes uyushmalari hamda kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyaning Toshkent, Samarqand va Olmaliq shaharlarida “B2B” va “G2B” uchrashuvlar o‘tkazildi.
IV. Xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash yo‘nalishida 20 ta hujjat kuchga kirdi va 24 ta hujjat imzolandi.
V. Mart oyida ham Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan muloqotni mustahkamlash bo‘yicha ham ko‘plab ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Konsullik-huquqiy faoliyat doirasida:
- 10800 ta O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;
- 2060 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan ta’minlashga ko‘maklashildi;
- xorijda moddiy jihatdan murakkab vaziyatda qolgan 48 nafar fuqaromizga 11200 AQSH dollari miqdorida yordam ko‘rsatildi;
- chetda qiyin vaziyatlarda, ya’ni odam savdosi qurboni bo‘lgan, yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 120 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi;
- 35 nafar fuqaro vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi;
- pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qo‘yilgan 20 nafar fuqaromizga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar qaytarildi.
Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 50 dan ortiq tadbir o‘tkazilib, ularda 4250 nafar vatandosh qatnashdi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 9860 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 1260 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga, 420 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborildi. Barchasi o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqildi va ularga o‘z vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi.
Bir oy mobaynida 14 050 nafar chet el fuqarosiga O‘zbekistonga kirish vizalari rasmiylashtirilgan, shundan 8215 tasi elektron tarzda berilgan.
Shu bilan mart oyi yakunlariga bag‘ishlangan brifingimiz o‘z nihoyasiga yetdi. Bizning faoliyatimizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishni unutmang.
E’tiboringiz uchun rahmat!
