Tashqi ishlar vazirligining 2026-yil fevral oyidagi faoliyati to‘g‘risida
Assalomu alaykum, hurmatli kuzatuvchilar!

E’tiboringizga Tashqi ishlar vazirligining fevral oyi yakunlariga bag‘ishlangan navbatdagi brifingini taqdim etamiz. O‘tgan oy davomida O‘zbekiston tashqi siyosati faol diplomatik muloqotlar, keng ko‘lamli xalqaro anjumanlar hamda ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar bilan yodda qoldi.
Fevral oyida mamlakatimiz turli darajadagi xalqaro konferensiyalar, uchrashuv va muzokaralar orqali global va mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar muhokamasida faol ishtirok etdi. Mazkur tadbirlar O‘zbekistonning konstruktiv va ochiq tashqi siyosatini namoyon etib, xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish hamda ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarini yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
I. Fevral oyi davomida ikki tomonlama siyosiy aloqalarni mustahkamlash yo‘nalishida izchil diplomatik faoliyat olib borildi. O‘zbekistonning muvozanatli va amaliy tashqi siyosati xalqaro hamkorlar tomonidan ijobiy baholanib, o‘zaro ishonch va manfaatlarga asoslangan muloqotni yanada kengaytirish uchun qulay zamin yaratdi.
Xususan, o‘tgan oyda mamlakatimizga 30 dan ortiq yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati hamda O‘zbekiston delegatsiyalarining xorijga 40 ga yaqin tashriflari tashkil etildi.
Ushbu muloqotlar doirasida turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, amaliy kelishuvlarni ilgari surish hamda kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishga qaratilgan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Jumladan, 4-fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vashington shahrida Dolzarb masalalarga bag‘ishlangan O‘ta muhim minerallar bo‘yicha Vazirlar yig‘ilishida ishtirok etdi.
Shuningdek, TIV rahbari AQSh Davlat kotibi Marko Rubio va birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau bilan alohida keng qamrovli muloqotlar o‘tkazdi. Yaqinda tashkil etilgan Uchrashuv davomida Tinchlik kengashi barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi samarali platformaga aylanganligi, millionlab insonlarga xavfsiz va munosib kelajak umidini taqdim etayotgani ta’kidlandi.
Tashrif doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi 2026-yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama kun tartibi yuzasidan fikr almashdi va kengaytirilgan strategik hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan intilishlarini tasdiqladi.
O‘zbekiston va AQSh hukumatlari o‘rtasida muhim foydali qazilmalar va nodir yer elementlarini qazib olish va qayta ishlash sohasida ta’minot barqarorligi to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzoladi. O‘ta muhim minerallar iqtisodiy imkoniyat va uzoq muddatli barqaror rivojlanish uchun muhim yo‘nalish sifatida ko‘rilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, Vazirlar yig‘ilishi doirasida Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid al-Zayani, Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar, Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev, Malayziya tashqi ishlar vaziri Dato Seri Utama Hoji Mohamad bin Hoji Hasan, Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Battsetseg, Ummon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr bin Hamad al-Busaydiy, Singapur tashqi ishlar vaziri Vivian Balakrishnan bilan alohida muloqotlar o‘tkazildi.
- fevral kuni Germaniya Federativ Respublikasida Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlari ishtirokida “Markaziy Osiyo – Germaniya” formatidagi ilk vazirlar darajasidagi uchrashuv tashkil etildi. Mazkur mexanizm ishga tushirilishi hamkorlikka yanada tizimli va amaliy tus beradigan muhim bosqich ekani qayd etildi.
- fevral kuni mamlakatimiz delegatsiyasi Myunxen shahrida o‘tkazilgan 62-Myunxen xavfsizlik konferensiyasida ishtirok etdi.
Anjuman doirasida dunyoning turli mintaqalari vakillari tomonidan xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikning asosiy masalalari, yangi yuzaga kelayotgan tahdid hamda xatarlarga qarshi birgalikdagi choralarni ko‘rish, ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
- fevral kuni esa London shahrida Buyuk Britaniya tomoni vakillari bilan qator muhim uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazildi. Tashrif dasturi siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni qamrab oldi.
Xorij tomon vakillari bilan o‘tkazilgan qator uchrashuvlarda islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda ta’lim, savdo va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishning muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, fevral oyida Tashqi ishlar vazirligi binosida Ozarbayjon, Italiya, Qozog‘iston, Qatar, Rossiya, Tojikiston, Saudiya Arabistoni, Falastin, Xitoy, Armaniston, Bangladesh, Avstriya, O‘mon Sultonligi hamda Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi davlatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchilari bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazildi va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, o‘tgan oy davomida TIV rahbariyati tomonidan ham 110 dan ortiq uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.
Jumladan, 3-fevral kuni Madrid shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Ispaniya Qirolligi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarining 8-davrasi bo‘lib o‘tdi.
Maslahatlashuvlar davomida joriy yilda rejalashtirilgan turli darajadagi tashriflar, qo‘shma tadbirlar, jumladan, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes-forum hamda qator madaniy tadbirlarni o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
II. Iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishida ham faol va tizimli ishlar olib borildi. Fevral oyida mamlakatimizda 30 ga yaqin xalqaro va mintaqaviy tadbirlar tashkil etilib, ular savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsion hamkorlikni rivojlantirish hamda yangi istiqbolli loyihalarni ilgari surish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan xorijiy investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, milliy mahsulotlar eksportini ko‘paytirish hamda qo‘shma investitsiya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator amaliy uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazildi.
Jumladan, mamlakatimiz hududlarida 7 ta, xorijiy davlatlarda esa 17 ta biznes-forumlar tashkil etilib, ular ishbilarmon doiralar o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini shakllantirish hamda mavjud sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Shu bilan birga, xalqaro hamkorlar va investorlar e’tiboriga O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay muhit, shuningdek boy tarixiy-madaniy meros va turizm imkoniyatlarini keng targ‘ib etishga qaratilgan 50 dan ortiq taqdimotlar, ko‘rgazmalar va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
III. Xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini yanada mustahkamlash yo‘nalishidagi ishlar izchil davom ettirildi. Hisobot davrida imzolangan 35 ta xalqaro shartnoma va hujjat O‘zbekistonning xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini kengaytirish, mavjud sheriklik munosabatlarini yangi mazmun bilan boyitish hamda uzoq muddatli strategik aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
IV. Fevral oyida Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatimizning xorijdagi diplomatik va konsullik vakolatxonalari tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish borasida tizimli ishlar olib borildi.
Shu bilan birga, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar va yangi tashabbuslar bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan qator uchrashuvlar hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Bunday muloqotlar xorijdagi fuqarolarimizning huquqiy manfaatlarini ta’minlash bilan birga, ularning Vatan bilan uzviy aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shu maqsadda, konsullik-huquqiy faoliyatimiz doirasida:
• 8.989 nafar O‘zbekiston fuqarolariga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;
• chet elda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 1560 nafar yurtdoshimizni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashildi;
• moddiy jihatdan og‘ir vaziyatga tushib qolgan 30 nafar fuqaromizga jami 12500 AQSH dollari miqdorida moddiy yordam ajratildi;
• vaqtincha saqlash muassasalarida bo‘lgan 20 nafar fuqaro ozod qilindi;
• murakkab sharoitdagi ishsiz, voyaga yetmagan yoki boquvchisiz qolgan 120 nafar yurtdoshimiz vatanimizga qaytarildi.
Xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 50 dan ortiq o‘tkazilib, ularda 5000 ga yaqin yurtdoshlarimiz jalb etildi. Mazkur davrda jismoniy va yuridik shaxslardan 8.680 ta murojaat qabul qilindi. Ulardan 8.240 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamenti hamda mas’ul tashkilotlar tomonidan hal etilgan bo‘lsa, qolgan 440 tasi tegishli manzillarga yo‘naltirildi. Barcha murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, murojaatchilarga o‘z vaqtida zarur konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatildi.
Bir oy davomida chet el fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirish bo‘yicha 8.965 ta viza rasmiylashtirildi.
Xususan, muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, AQSH, Saudiya Arabistoni Podshohligi va Koreya Respubikalarida Iftor tadbirlari tashkil etilib, ularda 1000 ga yaqin vatandoshlarimiz ishtiroki ta’minlandi.
Yaqin Sharq mintaqasida yuz berayotgan harbiy harakatlar natijasida Saudiya Arabistoni Podshohligi, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron Islom Respublikasi va Baxrayn Podshohligi hududlarida turli sabablar bilan bo‘lib turgan 9.000 nafardan ortiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Vatanga repatriatsiya qilinishi tashkil etildi.
Repatriatsiya tadbirlari hozirda yana davom etmoqda.
V. Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan fuqarolarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha tezkor va doimiy ishlar olib borilmoqda.
Mazkur vaziyatdan kelib chiqqan holda doimiy va qoʻshimcha reyslar tashkil etib kelinmoqda. Shu xususda, fuqarolarimiz murojaatlarini tezkor qabul qilish maqsadida maxsus Telegram bot @tiv_yordam_bot ishga tushirilganligini ma’lum qilamiz.
Mazkur bot orqali mintaqa davlatlarida bo‘lib turgan fuqarolarimiz:
- konsullik masalalari bo‘yicha murojaat yo‘llash;
- o‘z joylashuvi va holati haqida ma’lumot qoldirish;
-zarur holatlarda tezkor yordam so‘rash imkoniyatlari yaratilgan.
Barcha yurtdoshlarimizni ushbu bot orqali murojaat qoldirishda aniq va to‘liq ma’lumot taqdim etishga chaqiramiz. Bu diplomatik vakolatxonalarimizga fuqarolarimizga tezkor yordam ko‘rsatish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xorijdagi fuqarolarimiz bilan doimiy aloqada bo‘lib, ularning xavfsizligi va huquqlarini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishda davom etadi.
Shu o‘rinda, fuqarolarimizni xotirjamlikni saqlashga, vahimaga berilmaslikka va vazmin harakatlanishga chaqiramiz.
Qadrli vatandoshlar,
Yangi O‘zbekiston diplomatiyasi — bu nafaqat tashqi siyosatni amalga oshirish, balki har bir fuqaromizning xavfsizligi va farovonligini ta’minlashga qaratilgan mas’uliyatli va insonparvar faoliyatdir. Davlatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari hamda konsullik muassasalari yurtdoshlarimiz bilan doimiy aloqada bo‘lib, ularning manfaatlarini himoya qilish, zarur yordam ko‘rsatish hamda Vatan bilan uzviy aloqalarini mustahkamlash yo‘lida tizimli ishlarni davom ettiradi.
Ayni paytda xorijda bo‘lib turgan yurtdoshlarimizdan esa mazkur mamlakatning ichki qoidalari va talablariga qat’iy rioya etish hamda faqat O‘zbekiston Respublikasining davlat organlari va diplomatik vakolatxonalari tomonidan tarqatilayotgan rasmiy axborotga amal qilinishini so‘raaymiz.
Shuning bilan fevral oyi yakunlariga bag‘ishlangan brifingni yakunlaymiz. E’tiboringiz uchun rahmat!
