Avstraliya elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2026-05-21 16:30:00 / Yangiliklar va voqealar

2026-yil 21-may kuni Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Bobur Usmanov Avstraliyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jon Giring bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot davomida barcha ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikning izchil rivojlanib borayotgani va sezilarli natijalarga erishilgani, shuningdek, turli darajalardagi delegatsiyalar almashinuvi faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar investitsiyalar, sanoat, savdo, qishloq xoʻjaligi, shuningdek, togʻ-kon sanoati sohalarida ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi qoʻshma loyihalarni jadallashtirishdan oʻzaro manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.
Taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, xususan, dunyoning eng yaxshi 100 ta oliy taʼlim muassasalari qatoriga kiruvchi Avstraliya universitetlari bilan sheriklik aloqalarini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama kun tartibining barcha yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston–Avstraliya sherikligini yanada chuqurlashtirishga intilishlarini tasdiqlab, hamkorlikni aniq kelishuvlar va oʻzaro manfaatli loyihalar bilan boyitish muhimligi taʼkidlandi.
