O‘zbekistondagi Xitoy elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2026-05-18 11:30:00 / Yangiliklar va voqealar

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yuy Szyun bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar har qanday sharoitda ham har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston — Xitoy munosabatlarining izchil mustahkamlanib borayotgani, hududlararo hamkorlik faollashayotgani, shuningdek, oliy va yuqori darajadagi muntazam hamda mazmunli siyosiy muloqot saqlanib qolayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki tomonlama munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch, teng huquqli va manfaatli hamkorlik, shuningdek, tomonlarning asosiy manfaatlarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslanishi ta’kidlandi.
Tomonlar 2026-yil 7-may kuni Pekin shahrida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi Hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining sakkizinchi yig‘ilishi yuqori darajada o‘tganini qayd etdilar. Unda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiya, transport-logistika, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar kelishib olindi.
Qo‘shma infratuzilma loyihalarini rivojlantirish, o‘zaro savdo va investisiyalarni kengaytirish, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, yuqori texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, xavfsizlik va kambag‘allikni qisqartirish sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, gumanitar almashinuvlar va hududlar, oliy ta’lim muassasalari, tahlil markazlari hamda ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishga tayyorlik tasdiqlandi.
Xitoy tomoni O‘zbekistonning mustaqil milliy taraqqiyot yo‘lini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlab, “Yangi O‘zbekiston” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga ko‘maklashishni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni “yagona Xitoy” tamoyilini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini, Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati butun Xitoyni ifodalovchi yagona qonuniy hukumat ekanini yana bir bor ta’kidladi.
Shuningdek, ikki qirg‘oq o‘rtasidagi munosabatlarning tinch rivojlanishini hamda Xitoy Hukumati tomonidan mamlakatni birlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni izchil qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Tomonlar ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha yaqin ishchi aloqalarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini qayd etdi.
