O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri maslahatchisi YUNIDO Bosh direktorining o‘rinbosari bilan uchrashuv o‘tkazdi
2025-12-04 19:00:00 / Yangiliklar va voqealar

4-dekabr kuni Vena shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Munira Aminova YUNIDO delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyaga Global sherikliklar va tashqi aloqalar direksiyasining boshqaruvchi direktori va Bosh direktor o‘rinbosari Fatu Xaydara rahbarlik qildi.
Muzokaralar davomida tomonlar hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari va strategik sheriklikning kelgusi istiqbollarini muhokama qildilar. Uchrashuvda hamkorlik bo‘yicha bazaviy bitimni tayyorlash va imzolash masalalari, shuningdek, mintaqaning innovatsion va ekologik salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan Yashil texnologiyalar bo‘yicha Mintaqaviy xab tashkil etish tashabbusi ko‘rib chiqildi.
Tomonlar YUNIDO Bosh direktorining O‘zbekistonga tashrifi hamda tashkilotning mamlakatda rasmiy ofisini ochish shartlari yuzasidan ham fikr almashdilar. Shuningdek, farmatsevtika, standartlashtirish, elektrotexnika va boshqa ustuvor sohalarda sanoat rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

