OAV erkinligi boʻyicha YeXHT vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-11-11 17:30:00 / Yangiliklar va voqealar

2025-yil 11-noyabr kuni Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Muzaffar Madrahimov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning OAV erkinligi boʻyicha vakili Yan Bratu bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning YeXHT va uning institutlari, xususan, OAV erkinligi boʻyicha vakilligi bilan hamkorlik yangi sifat bosqichiga chiqqani taʼkidlandi. Oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar mediasavodxonlikni oshirish, jurnalistlar va davlat organlari matbuot kotiblarining kasbiy mahoratini yuksaltirish boʻyicha xalqaro ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida turli trening va oʻquv kurslarini tashkil etishning qoʻshma loyihalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tashrif doirasida YeXHTning OAV erkinligi masalalari boʻyicha vakili Yan Bratu joriy yil 13–14-noyabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “OAVning xabardor va barqaror jamiyat uchun hayotiy salohiyatini taʼminlash” mavzusidagi 25-Markaziy Osiyo media-konferensiyasida ishtirok etadi.
