Toshkentda “Horeca Expo Uzbekistan 2025” II Xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda
2025-10-22 14:00:00 / Yangiliklar

Ko‘rgazmani Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov ochib berdi. U tadbir ishtirokchilariga vazir Aziz Abduhakimovning tabrik so‘zlarini yetkazdi:
“2025-yilda O‘zbekiston turizmi tarixida rekord qayd etildi — yilning dastlabki to‘qqiz oyida mamlakatimizga 8,6 milliondan ortiq xorijlik sayyohlar tashrif buyurdi. Bu tarixiy natija — Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning turizm sohasini rivojlantirish, mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlash va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan uzoqni ko‘zlagan siyosati samarasidir. 2030-yilga qadar sayyohlar sonini yiliga 25 millionga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buning uchun har oy keladigan sayyohlar oqimini 2 milliondan oshirishimiz lozim”.
Uch kun davomida ishtirokchilarni 10 dan ortiq tematik sessiyalar, konferensiyalar, taqdimotlar, munozaralar va B2B uchrashuvlardan iborat boy biznes dastur kutmoqda. Asosiy mavzular quyidagilardan iborat:
– Mehmonxona arxitekturasi va dizaynining kelajagi: barqarorlik, energiya tejamkorligi va qulaylik;
– Raqamli mehmonxona: jarayonlarni avtomatlashtirish va mijozlar tajribasini yaxshilash;
– Kadrlar tayyorlashga investitsiyalar: tajriba almashish va yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash dasturlari.
“Horeca Expo Uzbekistan 2025” doirasidagi asosiy yo‘nalishlardan biri — “Barqarorlikka investitsiyalar – yangi o‘n yillikning ustuvor yo‘nalishi” mavzusidagi sessiya bo‘lib, u ekologik mas’uliyat va HoReCa sektorida barqaror amaliyotlarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan. Zamonaviy ekologik standartlar, energiya tejamkor texnologiyalar va raqamli yechimlar mehmonxona va restoran biznesining ajralmas qismiga aylanmoqda. Xalqaro va mahalliy kompaniyalar uglerod izini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish va mehmonlar uchun ekologik qulaylik yaratishga yo‘naltirilgan innovatsion yechimlarini taqdim etishmoqda. Alohida e’tibor barqaror turizm masalasiga qaratilib, u O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va hududlarni ekologik ustuvorliklar asosida rivojlantirishning muhim omili sifatida ko‘rilmoqda.
Tadbir dasturida “Gastro Forum Tashkent 2025” alohida o‘rin tutadi. Bu — oshpazlik san’ati, turizm va barqaror rivojlanishni birlashtiruvchi professional platforma bo‘lib, uning maqsadi — milliy taomlarni targ‘ib qilish, xizmat sifati darajasini oshirish va O‘zbekistonning gastronomik yo‘nalish sifatidagi imijini mustahkamlash.
Forumning asosiy voqeasi — ikki “Mishlen” yulduziga ega fransuz bosh oshpazining chiqishi bo‘ladi. U ilk bor o‘zining kulinariya falsafasini o‘zbek auditoriyasiga taqdim etadi. Dastur doirasida xalqaro servis standartlari bo‘yicha ochiq munozaralar, tajriba almashish va global amaliyotlarni mahalliy sharoitga moslashtirishga oid mahorat darslari o‘tkaziladi.
Ko‘rgazma doirasida, shuningdek, “Ish o‘rinlari yarmarkasi” loyihasi ham tashkil etiladi. Bu tashabbus mehmonxona-restoran sohasi vakillari, ta’lim muassasalari va ish izlovchilar o‘rtasida hamkorlik platformasini yaratishga qaratilgan. Uning maqsadi — kadrlar salohiyatini rivojlantirish, ekologik xizmat standartlarini ilgari surish va barqarorlik hamda sifatga yo‘naltirilgan professional hamjamiyatni shakllantirish.
“Horeca Expo Uzbekistan 2025” O‘zbekistonning turizm sohasini ekologik jihatdan transformatsiya qilishga intilayotgan davlat sifatidagi maqomini tasdiqlaydi. Bu yerda barqarorlik, qulaylik va innovatsiyalar — kelajak uchun eng muhim investitsiyalar sifatida namoyon bo‘lmoqda.









