Ekologik strategiyalar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi
2025-09-16 17:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti akademigi, taniqli olim V.L. Kvint boshchiligidagi olimlar delegatsiyasi, Ekologiya vaziri A. Abduhakimov hamda vazirlikning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan A. Abduhakimov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv davomida akademik V.L. Kvint hamda rossiyalik olimlar strategik rejalashtirishning ahamiyati, strategiyalashtirish metodologiyasi va ekologiya sohasini uzoq muddatli rejalashtirish masalalari yuzasidan taqdimot qilishdi. Muhokamalar davomida global ekologik muammolarga yechim topishda ekologik strategiyalar ishlab chiqish eng ustuvor vazifa ekanligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, davlat miqyosidagi yirik strategiyalar bilan bir qatorda, individual strategiyalarning ham ahamiyati yuqori ekanligiga urg‘u berildi.
Qolaversa, chiqindilarni boshqarish, iqlim o‘zgarishi, yer va suv resurslari hamda ekologik ekspertiza yo‘nalishlari bo‘yicha alohida strategiyalar ishlab chiqish zarurligini ta’kidlandi va bu boradagi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi. Bunday yondashuvlar ekologik xavfsizlikni ta’minlash, barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash hamda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatishda muhim omil ekanligi qayd etildi.
Yakunda har bir tashkilot va boshqarma o‘zining ichki strategiyasi va yo‘l xaritasini ishlab chiqib, amaliyotga keng tatbiq etishi zarurligi, shuningdek, hududiy va individual darajadagi strategik loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha kelgusidagi aniq vazifalar belgilandi.
Tadbir doirasida mehmonlar uchun vazirlik bo‘ylab qisqa ekskursiya tashkil etildi. Delegatsiya a’zolari, xususan, vazirlik huzuridagi Situatsion markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Ma’lumot uchun, V.L. Kvint — iqtisod fanlari doktori, siyosiy iqtisod professori, Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi. “Strategiya nazariyasi va strategiyalashtirish metodologiyasi” yo‘nalishidagi ilmiy ishlari uchun Moskva davlat universitetining oliy mukofoti — "Lomonosov I" mukofoti bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasining “Aleksandr Nevskiy” va “Do‘stlik” ordenlari, boshqa nufuzli mukofotlar sohibi. O‘zbekiston Respublikasining fan va texnika sohasidagi Davlat mukofoti laureati hisoblanadi.









