Himoya o‘rmonzorlari hududi yanada kengaytirilmoqda
2025-09-15 16:00:00 / Yangiliklar

Ma'lumot uchun, davlat rahbarining 2025-yil 30-yanvardagi “O‘zbekiston-2030" strategiyasini "Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi 16-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon agentligi tomonidan joriy yil boshidan ishlab chiqilgan yo‘l xaritalari asosida amaliy ishlarga kirishildi.
Xususan, respublika o‘rmon fondiga kiruvch cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarida tuproq eroziyasini oldini olish maqsadida himoya o‘rmonzorlari barpo etish uchun 44 ta loyiha ishlab chiqilib, jami 3302 gektar yer maydonlari tanlab olindi.
Shuningdek, Orolning qurigan tubi va cho‘l hududlarida saksovul, cherkez hamda qandim kabi buta nihollari ekildi va urug‘lari qadaldi. Tog‘ va tog‘oldi hududlarda, asosan, pista va bodom, nisbatan suvli bo‘lgan yerlarda yong‘oq, na’matak, o‘rik, sug‘oriladigan yerlarga terak, qayrag‘och, pavloniya va shumtol kabi tez o‘suvchi daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Ta'kidlash joizki, himoya o‘rmonzorlari barpo etishda hududlarning tuproq va iqlim sharoitlari hisobga olinmoqda. Mutaxassislarga ko‘ra, daraxt va butalarning ko‘karuvchanlik darajasi yer tayyorlash ishlarining sifatli bo‘lishiga bog‘liq. Bunda yerlarga aynan belgilangan mavsumlar oralig‘ida ishlov berilishi, ko‘chatlarning o‘z vaqtida agrotexnik me’yorlar asosida ekilishi va parvarish qilinishi muhim hisoblanadi.
Hozirda hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan himoya (ihota) o‘rmonzorlari barpo etish ishlari davom ettirilmoqda.
