Plastik ifloslanishga qarshi kurash bo‘yicha global kelishuvning asosiy jihatlari muhokama qilindi
2025-08-15 18:00:00 / Yangiliklar

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston plastik ifloslanishga qarshi kurashish, tabiiy boyliklarni muhofaza qilish va kelajak avlodlar uchun ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha global sa’y-harakatlarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
Rasmiy dastur doirasida va INC-5.2 muzokaralari chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokchi davlatlar hamda rivojlanish bo‘yicha xalqaro hamkorlar, jumladan, BMTning Atrof-muhit dasturi (UNEP), Global ekologik fond (GEF), BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK BMT) va boshqa tashkilotlar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar davomida chiqindilarni boshqarish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, plastikni qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar almashish, investitsiyalarni jalb qilish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuvlar yakunida tomonlar kelajakdagi global bitim borasida hamkorlik qilishga va munosabatlarni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ushbu kelishuv plastik ifloslanishga qarshi kurashda muhim vosita bo‘lishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, xalqaro hamkorlar Samarqandda bo‘lib o‘tadigan yirik global tadbirlar (CITES konvensiyasi tomonlarining 20-yig‘ilishi va Global ekologik fondning (GEF) 8-Assambleyasi)ga taklif qilindi.
Sessiyalar davomida quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi: – plastik tarkibidagi zararli kimyoviy moddalarni tartibga solish; – to‘plangan plastik ifloslanishni yo‘q qilish choralari; – moliyalashtirish, texnik yordam va texnologiyalarni uzatish mexanizmlari.
O‘zbekistonning INC-5.2dagi ishtiroki ekologiya sohasidagi xalqaro hamkorlikka sodiqligini tasdiqlaydi. Delegatsiyaning faol pozitsiyasi va o‘rnatilgan aloqalar mamlakatning atrof-muhitni muhofaza qilish hamda yanada toza va xavfsiz kelajakni yaratish bo‘yicha global jarayonlarda faol ishtirok etishi uchun zamin yaratadi.


