"Oqtog‘-Tomdi"da suv ichayotgan sariq sor
2025-07-17 10:00:00 / Yangiliklar

Sariq sor — qarchig‘aysimonlar oilasiga mansub, O‘rta Osiyoda eng ko‘p tarqalgan yirtqich qush turlaridan biri bo‘lib, qanotlarini yozgandagi kengligi 1,2–1,4 metrga yetadi. Tanasi har xil — jigarrang, qo‘ng‘ir va sarg‘ish tusda bo‘ladi, uchgan vaqtda qanotlari ochiq rangdaligi bilan ajralib turadi. Dasht, yarimcho‘l va cho‘l zonasida uyalaydi. O‘troq hayot kechiradi. O‘zbekistonda tog‘li hududlarda, tog‘ etaklarida, tekisliklarda, shu jumladan, haydaladigan yerlarda ham yashaydi.
Sariq sor qoyalarda, jarliklarda, daraxtlarda yoki yerlarda in quradi. Mart oxirida yoki aprelda tuxum qo‘yadi va 2–5 tagacha bola ochadi. Yumronqoziq, qumsichqon, dala sichqon va boshqa kemiruvchilar, tipratikan, mayda qushlar, toshbaqalar, kaltakesaklar, ilonlar bilan oziqlanadi.
Ma'lumot uchun, “Oqtog‘-Tomdi” davlat qo‘riqxonasi 2022-yil fevral oyida Navoiy viloyatining Tomdi tumanida tashkil etilgan. Qo‘riqxonada sut emizuvchilarning 14 turi, qushlarning 22 turi va sudralib yuruvchilarning 7 turi yashaydi. Shulardan 16 turdagi hayvonlar O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.



