Axborot xizmatlari V milliy konferensiyasida ichki kommunikatsiya tajribasi taqdim etildi
2025-07-02 11:00:00 / Yangiliklar

Konferensiyada Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi nomidan vazirning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Lola Rahmonboyeva hamda vazirlik tizim tashkilotlari matbuot kotiblari qatnashmoqda.
Konferensiyani Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev ochib berdi. Sessiyaning birinchi qismida Lola Rahmonboyeva va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi matbuot kotibi Sevara Zokirova hamkorlikda “Axborot xizmatida ichki kommunikatsiyani institutlashtirish: korporativ modellari va samarali aloqa usullari” mavzusida taqdimot o‘tkazishdi.
Taqdimotda korporativ kommunikatsiya modellari va ichki axborot oqimini tashkil etish, turli kommunikatsiya kanallaridan foydalanish, tizimli fikr-mulohaza va tashkilot ichidagi samarali muloqot usullari, rahbarlik va o‘zaro ishonch asosida ichki muhitni shakllantirishga qaratilgan professional ko‘nikmalarni rivojlantirish kabi muhim jihatlar yoritildi.
Sessiya doirasida xalqaro media tajribasiga alohida e’tibor qaratildi. Turizm qo‘mitasi matbuot kotibi Munisa Asilxo‘jayeva va Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik tajribalarini baham ko‘rishdi. Xorijiy media bilan ishlash strategiyalari, transchegaraviy axborot siyosatining o‘ziga xos jihatlari, shuningdek, xalqaro platformalarda materiallarni joylashtirish uchun talab va standartlar muhokama qilindi.
Qolaversa, Innovatsion rivojlanish agentligi matbuot kotibi Muqaddas Fayozova hamda Davlat ekologiya ekspertizasi markazi Axborot xizmati rahbari Shahzoda Akramova media tadbirlarni tashkil etishda zamonaviy event-menedjment texnologiyalari bo‘yicha taqdimot qildi.
Shuningdek, konferensiya doirasida "Yangi media ta'lim markazi" rahbari Beruniy Alimov ishtirokida “PR Lab — axborot xizmatlari ustaxonasi” amaliy treningi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Trening zamonaviy kommunikatsiya formatlari, innovatsion yondashuvlar va professional media ko‘nikmalarini rivojlantirishga bag‘ishlanadi.
Ekologiya vazirligi va tizim tashkilotlari vakillarining konferensiyadagi ishtiroki tajriba almashish, axborot bilan ishlashdagi dolzarb yondashuvlarni muhokama qilish hamda vazirlikning ichki va tashqi kommunikatsiyalarini mustahkamlash uchun imkoniyat yaratdi.







