Yoshlar ekologik barqarorlikni ta'minlashda asosiy kuchga aylanmoqda
2025-06-30 12:00:00 / Yangiliklar

Yoshlar bugungi kunda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ham asosiy bo‘g‘inga aylangan. Tabiatga befarq bo‘lmagan, dolzarb ekologik muammolarga yechim izlashda jonbozlik ko‘rsatib, muhim taklif va tashabbuslar bilan chiqayotgan yoshlar soni ortib bormoqda. O‘z navbatida Toshkentda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzurida Markaziy Osiyodagi atrof-muhit masalalariga qaratilgan birinchi oliy o‘quv yurti — Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ("Green University") ochilgani ham muhim ahamiyatga ega. Negaki ushbu maskan atrof-muhitni asrashga qiziqadigan ekofaol, intiluvchan yoshlarimizni nafaqat yurtimiz, balki mintaqadagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qiladigan tajribali kadrlarga aylantirmoqda.
Bundan tashqari, Ekologiya vazirligi tashabbusi bilan turli tashkilotlar hamkorligida yoshlarning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ularning g‘oyalari, taklif va tashabbuslarini amalga oshirish maqsadida doimiy tadbirlar, tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da ekologik muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan “Eko-oromgoh–2025” tadbiri bo‘lib o‘tdi va unda yoshlar suv tanqisligi, cho‘llanish, atrof-muhitning ifloslanishi, chiqindilar, transportdan tashlanadigan tashlamalar va boshqa ekologik muammolarga e'tibor qaratishdi.
Ta'kidlash joizki, maktablarda hamda maktabgacha ta'lim muassasalarida ham yoshlarning ekologik bilim va salohiyatini yanada oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, bugungi kunda 10 000 dan ortiq umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 30 000 dan ortiq ekologik-biologik to‘garak tashkil etilgan bo‘lib, ularda 500 000 nafarga yaqin o‘quvchi yoshlar jalb qilingan. Ushbu to‘garaklarda atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilardan oqilona foydalanish, suv va elektr energiyasidan maqsadli foydalanish kabi mavzularda to‘garak mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.
Hozirda “Barkamol avlod” bolalar maktablarining 79 nomdagi to‘garaklar o‘quv dasturlari yangilanib, ekologiya yo‘nalishidagi “Yosh ekolog va tabiatshunos”, “Floristika va fauna”, “Ekodizayn” va “Atrof muhit muhandisi (injinir ekolog)” to‘garaklari o‘quv-dasturlari ishlab chiqilib takomillashtirildi. Bugungi kunda 5 200 ta umumta’lim maktablarida “Ekologiya burchaklari” tashkil etilib, mazkur burchaklar zarur materiallar bilan ta’minlanmoqda.
Fursatdan foydalanib, barcha yoshlarni bugungi bayram bilan samimiy tabriklaymiz. Yurtimizda atrof-muhitga befarq bo‘lmagan yoshlar safi yanada kengayishiga hamda ular mintaqa va butun dunyoda ekologik barqarorlikni ta'minlashga hissa qo‘shadigan yetuk salohiyatli kadrlarga aylanishiga ishonamiz.
