“Onajonim – tabiat” ijodiy ishlar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
2025-06-27 17:00:00 / Yangiliklar

Ekologiya vazirligida joriy yil 27-iyun kuni mazkur tanlov g‘oliblari va sovrindorlarini taqdirlash marosimi tashkil etildi.
Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari J.Kazbekov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri S.Sayyid va boshqalar ushbu tanlov ekologik tadbirlarga uyg‘un bo‘lib, ko‘plab yangi asarlarning yaratilishida ijodkorlarga ilhom bag‘ishlaganini ta’kidlashdi.
Tanlovning asosiy maqsadi — bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga ruhlantirish, ona tabiatni asrab-avaylashni kuchaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish tuyg‘usini singdirish va shu orqali kelgusi avlodlarga ekologik sof kelajakni qoldirishdan iborat.
Tadbirda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar, sohaga fidoyilik bilan xizmat qilayotgan insonlar hayoti haqida badiiy-publitsistik asarlar yozilishi uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
Tanlovda 4 nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. “Eng yaxshi she’riy asar” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rin “Yashil dunyo, yashil makon” she’riy turkumi uchun Zamira Ro‘ziyevaga, 2-o‘rin “Ona tabiat” she’ri uchun Bek Aliga, 3-o‘rin ona tabiat va uni asrab-avaylashga bag‘ishlangan she’rlari uchun Nasrullo Ergashga nasib etdi.
“Eng yaxshi hikoya” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni ona tabiat va uni asrashga bag‘ishlangan hikoyalari uchun Normurod Norqobilov, 2-o‘rinni “Asr iztirobi”, “Bo‘ron” va “Ovchi” hikoyalari uchun Xursand Ali, 3-o‘rinni esa “Suvsiz o‘tgan kun” hikoyasi uchun Gulnoz Tojiboyeva qo‘lga kiritdi.
“Eng yaxshi dramatik asar” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘ringa “Zaminni qutqaring, odamlar!” hamda “Daraxtlarning mahzun qo‘shig‘i” dramalari uchun Qo‘chqor Norqobil, 2-o‘ringa “Suvning so‘nggi tomchisi” bolalar uchun yozilgan pyesasi uchun Shavkat Do‘stmuhammad, 3-o‘ringa “Hayot daraxti” dramasi uchun Obidjon Ro‘ziboyev loyiq ko‘rildi.
“Eng yaxshi badiiy-publitsistik asar” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rin “Orolbog‘lar oralab” hamda “Yashil saltanat sari” esselari uchun Erpo‘lat Baxtga, 2-o‘rin “Mehrimizdan bahra olib unsin nihollar” hamda “Yer ko‘karsa, el ko‘karadi” maqolalari uchun Munavvara Usmonovaga, 3-o‘rin “Loyqalanayotgan osmon, kirlanayotgan Zamin” publitsistik maqolasi uchun Azim Ro‘ziyevga nasib qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq shoiri, “Do‘stlik”, “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi Sirojiddin Sayyid hamda to‘rtta nominatsiya bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘oliblar “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mazkur hamkorlik mamlakatimizda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularni tiklash, inson faoliyatining tabiatga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida ona tabiatni yuksak badiiy saviyada tarannum etishga xizmat qiladi.
