Yashil turizm obyektlariga qanday talablar qo‘yiladi?
2025-06-25 10:00:00 / Yangiliklar

Tanlov “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga muvofiq turizm obyektlari, shu jumladan, joylashtirish vositalarida atrof-muhitga salbiy ta’siri kamaytirilgan mahsulotlardan foydalanishni, shuningdek, sohada ekologik talablar asosida ko‘rsatiladigan xizmatlarni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkaziladi.
Unda turizm obyektlarida bir martalik plastik mahsulotlardan foydalanishda ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) mahsulotlarga o‘tish borasida yaxshi natijalarga erishgan, shuningdek, sohaga oid ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etib, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalangan holda chiqindilarni kamaytirishda alohida tashabbus ko‘rsatgan tadbirkorlik subyektlari ishtirok etadi.
Qarorga ko‘ra, yashil turizm obyektiga quyidagi talablar qo‘yiladi:
a) chiqindilarni boshqarish bo‘yicha:
— chiqindilarni ajratib yig‘ish (utilizatsiyaga topshirish yoki kompostlash);
— oziq-ovqat chiqindilarining hosil bo‘lishini qisqartirish;
b) energiya sarflash va energiya tejamkorlik bo‘yicha:
— optimal haroratni saqlash (xonalar sovitish rejimida – 21,5° dan past bo‘lmagan hamda isitish rejimida – 24° dan baland bo‘lmagan darajada bo‘lishi);
— yoritishni avtomatik nazorat qilish (yoritish uskunalarining kamida 40 foizi (ichki va tashqi) avtomatik nazorat qilinishi, kamida 40 foizi (ichki va tashqi) yorug‘lik diod lampalari ishlatilishi);
— elektr quvvatlash va ventilyatsiyani avtomatik nazorat qilish;
— qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanish (kamida 30 foiz elektr energiyani qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan olish);
v) suv iste’moli va suv ta’minoti bo‘yicha:
— suv tejovchi qurilmalarning mavjudligi;
— mehmonlarga sochiqlar va choyshabni kamroq almashtirish va mehmonlar xonasini kamroq tozalash imkoni mavjudligi;
g) yashil xaridlar va oqilona iste’mol bo‘yicha:
— bir martalik gigiyenik va oshxona buyumlaridan foydalanishni taqiqlash;
— sotib olinadigan tovarlar ekologik afzallik talablariga mos kelishi;
— qayta ishlanadigan qadoqdagi tovarlarni xarid qilish.
Tanlov hududiy saralash (sentabr) va respublika yakuniy bosqichlaridan (oktabr – noyabr) iborat bo‘ladi. 1-o‘rin BHMning 150 baravari, 2-o‘rin BHMning 100 baravari, 3-o‘rin esa BHMning 50 baravari miqdorida rag‘batlantiriladi.
“Eng namunali yashil turizm obyekti” tanlovi chiqindilar bilan ifloslanishning oldini olish, turizm obyektlarida plastik mahsulotlardan foydalanishni hamda plastik chiqindilarni kamaytirish, ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) mahsulotlarga o‘tish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish, ekologik talablar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekologik mezonlarga rioya etilishiga erishish, turizm obyektlarida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan innovatsion yechimlar hamda istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
