"Eco Expo"da dolzarb ekologik muammolarga yechimlar taqdim etildi
2025-06-24 10:00:00 / Yangiliklar

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi stendida zamonaviy ekologik loyihalar namoyish qilindi. Bulardan biri “Akvapon” qurilmasi — yopiq tizim bo‘lib, unda baliqlar o‘simliklarni oziqlantiradigan suvda yashaydi. Baliq chiqindilari o‘simliklarga o‘g‘it sifatida ishlatiladi. Bu tizim samarali, ko‘p resurs talab qilmaydi va hatto cho‘l sharoitida ham qo‘llanilishi mumkin. Shuningdek, uch xil suvli kolba ham ko‘rsatilgan. Birinchisida o‘rtacha sho‘rlangan suv, unda artemiya bor, ikkinchisida sho‘rroq suv bo‘lib, unda xlorella — mikrosuv o‘ti yashaydi. Uchinchi kolbadagi esa juda sho‘r hisoblanadi va unda umuman tiriklik yo‘q. Bu orqali Orol dengizining qurigan tubiga xos holat, sho‘rlanishning qanday oqibatlarga olib kelishi aks ettirilgan.
Bundan tashqari, stendda 6 ta idish joylashtirilgan va ularning har birida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi tuproq turlari, bu tuproqqa moslashgan tabiiy o‘simliklar olib kelib qo‘yilgan. Maqsad ekotizimning xilma-xilligi va tiklanish imkoniyatlarini ko‘rsatishdir. Stendda jami oltita kub joylashgan bo‘lib, unda mintaqaning fotoqopqonga tushgan hayvonlari ko‘rsatilgan.
Ko‘rgazmada Farg‘ona viloyati pavilyonida banan po‘stlog‘idan qog‘oz tayyorlashga qaratilgan loyihalar taqdim etildi. Ushbu qog‘oz ekologik toza bo‘lib, eko-sumkachalar tayyorlashda hamda yuzni namlantiruvchi niqob sifatida ishlatish mumkin. Shuningdek, pavilyonda toshdan qog‘oz tayyorlashga qaratilgan loyiha ham ko‘rsatildi.
Buxoro viloyati pavilyonida ham ekologik muammolarga samarali yechim topishga xizmat qiladigan texnologiyalar taqdim etildi. Jumladan, “Hydroguard” loyihasi sug‘orish kanallarini plastik va boshqa turdagi chiqindilardan tozalashga qaratilgan. Bunda kanalning suv oqimi yordamida charxpalak aylantiriladi va charxpalak eskalatori faollashadi. Natijada chiqindi kanaldan ko‘tarilib, to‘plash joyiga joylashtiriladi. Yana bir muhim jihati — bunda elektr energiyasi kerak bo‘lmaydi, jarayon davomida elektr ishlab chiqariladi. Kelajakda “Hydroguard”ni ko‘proq qishloq kanallarigacha kengaytirib, toza sug‘orish tizimini joriy qilish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, “EcoVortex” shamol turbinasi ham taqdim etildi. Bu an’anaviy gorizontal o'qli turbinalardan farqli o'laroq, asosiy rotor mili vertikal holatda joylashgan. Ushbu dizayn turbinaga shamolga burilmagan yoki yuzlanmasdan istalgan yo‘nalishdagi shamoldan energiya olish imkonini beradi.
Bundan tashqari, Jizzax viloyati pavilyonida 16 ta yirik ishlab chiqarish korxonalarining yutuqlari va muammolari, yashil ilg‘or texnologiyalar, innovatsion loyihalar ishlanmalari, targ‘ibot materiallari hamda yosh ekofaollarning ishlab chiqarish sohasidagi 12 ta va ekologik ta’lim-targ‘ibot yo‘nalishidagi 6 ta, jami 18 ta ilg‘or startaplari ko‘rgazmaga qo‘yildi. Ayniqsa, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish maqsadida Jizzax shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan "Taleng" MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan filtr mahsulotlari xorijlik tadbirkorlarning qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Ko‘rgazma doirasida taqdim etilgan loyihalar nafaqat o’sha hudud, balki butun mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qiladi.









