Barqaror kelajak sari “Yashil akseleratsiya”: GCIP-“Eco Expo Central Asia”da Qozog‘iston tajribasi taqdim etildi
2025-06-20 18:00:00 / Yangiliklar

Ushbu sessiya Markaziy Osiyo mamlakatlarining davlat idoralari, startaplar, investorlar va ilmiy muassasalar vakillari uchun barqaror yashil tadbirkorlik ekotizimini shakllantirish bo‘yicha ochiq muloqot maydoniga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov iqlim tahdidlari kuchayib borayotgan sharoitda bu kabi tashabbuslar katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
“Markaziy Osiyo ekologik texnologiyalarni rivojlantirishda ulkan salohiyatga ega. Bugun barqaror tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash har qachongidan ham muhim. Ushbu ko‘rgazma esa yangi tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish va mamlakatlar o‘rtasida yashil texnologiyalar ko‘prigini barpo etish uchun ajoyib maydonga aylandi”, — dedi u.
Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev ochilish marosimida quyidagicha fikr bildirdi:
“Yashil startaplarni rivojlantirish va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish — barqaror iqtisodiy transformatsiyaning ajralmas qismidir. Qozog‘iston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib GCIP tashabbusiga qo‘shildi. Bu bizga global tajriba va investitsiyalarga yo‘l ochdi, shu bilan birga 40 dan ortiq yashil startapni qo‘llab-quvvatlash imkonini berdi. Bugungi kunga kelib loyihalar xalqaro miqyosda e’tirof etilib, yangi bozorlarga chiqmoqda”.
Sessiya davomida GCIP-Qozog‘iston dasturining 2022-yildan buyon bosib o‘tgan yo‘li — UNIDO bilan dastlabki muzokaralardan tortib, startaplarning xalqaro bozorlarga chiqishigacha bo‘lgan bosqichlar – keng yoritildi. Dastur doirasida ikki yilda 200 ta ariza qabul qilinib, 46 ta startap akseleratsiyadan o‘tdi. 2025-yilda esa bu ko‘rsatkich 350 arizagacha oshgan. GCIP startaplarga faqat ta’lim va murabbiylik emas, balki investorlarni jalb etish imkoniyatlarini ham yaratmoqda.
Sessiya davomida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari tomonidan bu kabi akseleratsiya dasturlarini o‘z mamlakatlarida ham joriy etishga katta qiziqish bildirildi. Ayniqsa, 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan Mintaqaviy Iqlim Sammitiga tayyorgarlik doirasida yashil startaplar, investorlar va ilmiy jamoalar uchun Turkiston shahrida “Green Tech Hub” — Yashil texnologiyalar markazini yaratish taklifi katta e’tibor qozondi.
GCIP-Qozog‘iston sessiyasi Markaziy Osiyoda iqlim va ekologik muammolarini hal qilishda texnologik innovatsiyalar qanday real natijalar berayotganini yaqqol namoyish etdi. Bu nafaqat tajriba almashinuvi, balki mintaqada integratsiyalashgan va barqaror startap ekotizimini shakllantirish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘ldi.
Ishtirokchilarning fikricha, bunday tashabbuslar ekologik tushunchalarni shakllantirishga xizmat qilib, xalqaro hamkorlik va barqaror iqtisodiy o‘sish uchun zamin yaratadi.
“Faqat sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, hamkorlik va kelajak uchun investitsiyalar orqali biz Markaziy Osiyoni barqaror, innovatsion va raqobatbardosh mintaqaga aylantirishimiz mumkin”, — deya ta’kidladi Yerlan Nysanbayev.






