Sho‘rlanish va suv tanqisligi sharoitida barqaror qishloq xo‘jaligi masalalari muhokama qilindi
2025-06-20 17:00:00 / Yangiliklar

Seminarda ICBA bosh direktori Tariфа Al Zaabi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Xalqaro yashil texnologiyalar va investitsiyaviy loyihalar markazi vakili Qayrat Masenov va boshqa mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbir yer degradatsiyasi, toza suv tanqisligi va sho‘rlanishning yuqori darajasi kabi dolzarb muammolar sharoitida innovatsion yechimlarga bag‘ishlandi. Bugungi kunda Markaziy Osiyoda sug‘oriladigan yerlarning 50 foizidan ortig‘i sho‘rlanishdan aziyat chekmoqda. Seminar ishtirokchilari sho‘r suvdan, tuzga chidamli ekinlardan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan va aylanma bioiqtisodiyot tamoyillaridan foydalanishga asoslangan integratsiyalashgan bio-sho‘r tizimlarining imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Jusipbek Kazbekov o‘z nutqida Ekologiya vazirligi tomonidan “Yashil makon” kabi tashabbuslarni amalga oshirish va daryolar, kanallar bo‘yidagi ekotizimlar, shuningdek, qo‘riqlanadigan hududlarda nazoratni kuchaytirish maqsadida masofaviy zondlash texnologiyalari faol joriy etilayotganini ta’kidladi.
«Biz sun’iy intellekt va geoaxborot tizimlari bo‘yicha qo‘shma dasturlarni "Green University" hamda yana sakkizta oliy o‘quv yurti faoliyatiga integratsiya qilishni rejalashtiryapmiz. "Erasmus+ Environmental Engineering" dasturi doirasida "Green University"ni Markaziy Osiyo mamlakatlarini sinovdan o‘tgan sun’iy intellekt yechimlari atrofida birlashtiruvchi mintaqaviy platforma sifatida ko‘rib chiqishni taklif qilamiz. Aniqligi yuqori sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, maxsus texnik treninglar va innovatsion markaz uchun moliyaviy ko‘mak bu yo‘nalishdagi ishlarni sezilarli darajada jadallashtiradi», — dedi u.
Xalqaro hamkorlik haqida so‘z yuritar ekan, vazir o‘rinbosari ICBA va IICAS kabi tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, sho‘rlanish, yerlarning degradatsiyasi va iqlimiy bosimlar kabi muammolarni mintaqaviy yondashuv asosida, ya’ni hamkorlikda hal qilish lozim. Shu bois u galofit (sho‘rga chidamli) ekinlar uchun urug‘ yetishtirish bo‘yicha mintaqaviy tarmoq yaratishni, "Green University" doirasida qo‘shma treninglar o‘tkazishni, shuningdek, sho‘rga chidamli ekinlarni o‘rganishga mo‘ljallangan "in vitro" laboratoriyalar tashkil etishni taklif qildi. Bu cho‘llanish jarayonini birgalikda monitoring qilish, ma’lumot almashish va zaif hududlarni ilg‘or texnologiyalar bilan ta'minlash imkonini beradi.
Seminarda bio-sho‘r sharoitga mos ekinlar va barqaror agro-tizimlarni joriy etish, yerlarning sho‘rlanishi sharoitida hosildorlikni oshirish uchun sun’iy intellekt va masofaviy zondlashdan foydalanish, sho‘rlangan yerlarni qayta tiklash va unumdorlikni oshirish, quyosh energiyasi va suvdan qayta foydalanishni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuvlar hamda barqaror qishloq jamoalari va moliyalashtirish mexanizmlari muhokama qilindi.
Seminar O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlaridan hukumat idoralari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar va yosh innovatorlarni bir joyga jamladi. Tadbir yakunida Markaziy Osiyoda bio-sho‘r texnologiyalarni rivojlantirish, barqaror qishloq xo‘jaligini ilgari surish va ICBA bilan hamkorlikni kengaytirish orqali mintaqaning iqlimiy barqarorligini oshirishga qaratilgan umumiy mintaqaviy kun tartibi shakllantirildi.





