“Eco Expo Central Asia 2025” ko‘rgazmasida ishtirok etish nima uchun muhim?
2025-06-17 16:00:00 / Yangiliklar

Ma'lumot uchun, joriy yilning 19–21-iyun kunlari Toshkent shahridagi “Central Asian Expo” (CAEx) ko‘rgazmalar majmuasida “Eco Expo Central Asia 2025” ekologik texnologiyalar xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkaziladigan ushbu tadbir dunyoning 25 dan ortiq davlatini birlashtirib, CAEx ko‘rgazmalar majmuasini ilg‘or tajriba almashinuvi, ochiq muloqotlar va “yashil” transformatsiyani ilgari surish uchun yirik maydonga aylantiradi.
Ko‘rgazma davomida ekspertlar, kompaniyalar, startaplar, davlat va xalqaro tashkilot vakillari eng zamonaviy va samarali ekologik yechimlarini taqdim etishadi. Asosiy e’tibor iqlim barqarorligi, resurslarni tejash va toza texnologiyalarni joriy etish kabi dolzarb masalalarga qaratiladi.
Ko‘rgazma sun’iy intellektdan to “yashil” energetika, suv resurslarini tejash va ekologik ta’limgacha — kelajak texnologiyalarining barcha yo‘nalishlarini qamrab oladi. Uning Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan e’lon qilingan “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” doirasida o‘tkazilishi O‘zbekistonning ichki islohotlarni chuqurlashtirish bilan birga, xalqaro ekologik hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan qat’iy intilishini namoyon etadi.
“Eco Expo” ishtirokchilarga quyidagi noyob imkoniyatlarni yaratadi:
— o‘z “yashil” texnologiyalarini keng auditoriyaga namoyish etish;
— yangi bozorga chiqish;
— strategik hamkorlik aloqalari o‘rnatish;
— global barqaror rivojlanish harakatining faol ishtirokchisiga aylanish.
Uch kun davomida mehmonlar quyidagi muhim jarayonlarda bevosita ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishadi:
— innovatsion loyihalar va startaplar taqdimotlari;
— “yashil shaharlar”, clean-tech, eko-moliyalashtirish, qo‘riqlanadigan hududlar, ekologik ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda tematik sessiyalar;
— O‘zbekiston viloyatlari, davlat tashkilotlari, mahalliy va xorijiy kompaniyalarning ekologik tajribalari aks etgan ko‘rgazmalari;
— xalqaro ekspertlar ishtirokidagi panel muhokamalar;
— mahorat darslari va o‘quv dasturlari;
— tabiat va insoniyat uyg‘unligini aks ettiruvchi fotoko‘rgazmalar hamda art-eksponatlar;
— ekologik merosga bag‘ishlangan tanlovlar.
Ko‘rgazmada mintaqaning eng og‘riqli ekologik muammolaridan biri — Orol dengizi masalasiga alohida e’tibor qaratiladi, shuningdek, “yashil” transport, shaharlarni obodonlashtirish va ekoturizmni rivojlantirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin olgan.
“Eco Expo Central Asia 2025” — bu innovatsiya, barqarorlik va xalqaro hamkorlik asosida shakllanayotgan yangi ekologik tafakkur sari dadil qadamdir. Ko‘rgazmada ishtirok etish — bu nafaqat o‘zingizni namoyon qilish, balki dunyoning eng yaxshi tajribalari bilan tanishish va mintaqaning ekologik kelajagiga real hissa qo‘shish imkoniyatidir.
Tadbirda qatnashish uchun ecoexpo.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishingizni va ko‘rgazmada ishtirok etishingizni so‘raymiz!
