12 mingdan ortiq o‘quvchi ekologik va sog‘lom turmush tarzi asoslarini o‘zlashtirishdi
2025-06-12 17:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘zbekistonning barcha hududlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Qozog‘iston va Rossiyadan maxsus taklif etilgan mehmonlar qatorida tegishli vazirliklar vakillari, pedagoglar hamda soha mutaxassislari bo‘lgan 80 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Mazkur dastur “Nestle” kompaniyasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Respublika ta’lim markazi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Ushbu yondashuv orqali bolalarda to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikdan tortib, ekologik ong va tabiatga e’tiborli munosabatgacha bo‘lgan asosiy tarbiya yo‘nalishlari qamrab olinmoqda.
“Bugungi konferensiya — bu shunchaki natijalarni sarhisob qilish emas, balki bolalar salomatligi haqida g‘amxo‘rlik qilish erta yoshdan boshlanishi zarurligini yana bir bor tasdiqlovchi dalildir. “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturi o‘z samaradorligini isbotladi va biz uni butun mamlakat bo‘ylab kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov.
2024–2025-o‘quv yilida Toshkent shahri, 12 ta viloyat va Qoraqalpog‘istondan 12 mingdan ortiq boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ushbu dastur doirasida maxsus darslar va tadbirlarda ishtirok etishdi. Ayniqsa, ekologiya moduliga alohida e’tibor qaratildi: bolalar do‘konlarda foydali mahsulotlarni tanlashni o‘rganishdi, ijodiy tanlovlarda qatnashishdi va “to‘g‘ri ovqatlanish likopchasi”ni shakllantirish orqali sog‘lom hayot va barqaror iste’mol tamoyillarini o‘zlashtirishdi.
“Dasturda ishtirok etayotgan bolalarning xulq-atvori qanday o‘zgarayotganini ko‘rib turibmiz: ular o‘z sog‘lig‘iga va atrofdagilarga nisbatan ongliroq, faolroq va g‘amxo‘rroq bo‘lib borishmoqda. “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturining uzoq muddatli istiqboldagi natijasi – bu millat kelajagiga, uning sog‘ligi, barqarorligi va taraqqiyotiga qilingan sarmoyadir”, — dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktori Dilshoda Norboyeva.
Konferensiyada dasturni samarali joriy etish bo‘yicha eng yaxshi tajribalar namoyish etildi. Bolalarni jalb qilish, amaliy darslarni tashkil etish bo‘yicha tajribalar bilan o‘rtoqlashildi. Qozog‘iston va Rossiyadan kelgan mehmonlar o‘z yondashuvlari va metodik ishlanmalarini taqdim etishdi.
“Nestle” uchun ta’lim tashabbuslarida ishtirok etish kelajak avlod taraqqiyotiga strategik sarmoyadir. “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturi davlat, biznes va ta’lim sohasi o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning yorqin namunasidir”, — dedi “Nestle” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Sergey Lysyuk.
Tadbir doirasida o‘qituvchilar uchun kasbiy charchoqning oldini olish, bolalar va hamkasblar bilan samarali muloqot, shuningdek, zamonaviy ta’lim jarayonida zarur bo‘lgan notiqlik va aktyorlik mahorati bo‘yicha trening ham o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun, “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturi O‘zbekistonda “Nestle for Healthiyer Kids” global tashabbusining bir qismi sifatida amalga oshirilmoqda. Dastur 2013–2018-yillarda muvaffaqiyatli tarzda joriy etilgan bo‘lib, hozirgi kunda ekologiya va barqaror hayot tarzini qamrab olgan yangilangan mazmunda davom ettirilmoqda.









