“Orol dengiziga poyezd” ekologik aksiyasi butun mamlakat yoshlarini birlashtirdi
2025-05-30 18:00:00 / Yangiliklar

Tadbir ishtirokchilari Nukus shahar vokzalida tantanali kutib olindi, shundan so‘ng ular Qoraqalpoq davlat universitetida “Biz bir oila farzandlarimiz” shiori ostida o‘tkazilgan “Xalqlar do‘stligi” festivaliga qo‘shildi. Tadbir millatlararo birdamlik, madaniy xilma-xillik va atrof-muhitni muhofaza qilishga intilish timsoliga aylandi.
Yoshlar Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyiga tashrif buyurishdi, “Orol bizniki” loyihasi doirasida Mo‘ynoqqa ham borishdi. Bu yerda ishtirokchilar Orol dengizi tarixi muzeyi, mashhur kemalar qabristoni va hududdagi keng ko‘lamli ekologik halokatni eslatuvchi memorial majmualar bilan tanishdi.
Aksiyada atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida talabalar “AralForest” va “GreenAralSea” ekologik tashabbuslarida ishtirok etib, sho‘r va qumli tuproqlarga chidamli o‘simliklar ekishdi. Bu harakatlar Orolboʻyida ekotizimlarni tiklash va choʻllanishga qarshi kurashishga qaratilgan.
Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishi va barqaror turizm bo‘yicha taqdimotlar tayyorladilar. Shuningdek, ma’rifiy seminar va treninglarda ishtirok etib, hududdagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha o‘zaro tajriba va takliflar almashdilar.
“Orol dengiziga poyezd” loyihasi O‘zbekistonda ekoturizmni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. U ekologik faoliyat va madaniy ta’limni uzviy birlashtirib, yoshlarni noyob Orolbo‘yi mintaqasini o‘rganish va saqlashga jalb etmoqda. Aksiya nafaqat Orol dengizi muammolariga e’tiborni qaratadi, balki ekologik ongi yuqori va ijtimoiy faol fuqarolarning yangi avlodini shakllantiradi.









