Yoshlarning ekologik muammolarga qarshi kurash borasidagi takliflari tinglandi
2025-05-29 15:00:00 / Yangiliklar

“Eko-oromgoh–2025” doirasida o‘tkazilgan seminarda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bo’lim boshlig‘i Zarrina Abdullayeva, vazirlik huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov hamda yoshlar ishtirok etdi.
Seminarda nutq so’zlagan Erkin Muhiddinov bugungi kunda ekologik muammolar tobora dolzarb tus olayotganini ta’kidladi.
“Suv tanqisligi, cho’llanish, atrof-muhitning ifloslanishi, chiqindilar, transportdan tashlanadigan tashlamalar va boshqa tabiiy va antropogen omillar ekologiyaga jiddiy xavf solmoqda. Bu muammolarga ijobiy yechim topishda, albatta, Siz yoshlarning tashabbuslaringiz, ishtirokingiz juda muhim hisoblanadi. Shuning uchun barchangizga atrof-muhitni muhofaza qilishga befarq bo’lmaganligingiz uchun minnatdorlik bildirgan holda yanada faolroq bo‘lishga chaqiraman”, – dedi u.
Seminar davomida yoshlar ekologik muammolarga yechim izlash borasidagi o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
“Bizning hudud respublikada cho‘llanish darajasi yuqori hududlardan hisoblanadi, —
dedi Navoiy davlat universiteti talabasi Dilmehra Bozorova.
— Qolaversa, yurtimizda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro viloyati kabi hududlarda ham bu muammo kuchaymoqda. Cho‘llanishning oldini olish uchun esa, avvalo, yashillik darajasini oshirish, qurg‘oqchilikka chidamli daraxtlar ekish lozim”.
Tadbirda yoshlarga atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish borasida kerakli tavsiyalar berildi.
“Eko-oromgoh–2025” tadbirlari davom etmoqda.




