"Green University"da Xalqaro biologik xilma-xillik kuni nishonlandi
2025-05-23 10:00:00 / Yangiliklar

Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan "Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va harakatlar rejasini yangilash hamda 7-milliy hisobotni tayyorlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks dastur" loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha Global ekologik fond tomonidan moliyalashtiriladi. Tadbir “Tabiat bilan uyg‘unlik va barqaror rivojlanish” shiori ostida o‘tdi va bioxilma-xillikni saqlash muhimligini muhokama qilish hamda tajriba va bilim almashish uchun platforma bo‘ldi.
Tadbir ishtirokchilari loyiha doirasida erishilgan asosiy natijalar va faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishdilar. Loyiha milliy ekologik siyosatni Kunming-Monreal global bioxilma-xillikni saqlash dasturi maqsadlariga moslashtirishga qaratilgan. Taqdimot davomida O‘zbekiston yangi global yo‘nalishlarni milliy rejalashtirishga qanday integratsiya qilayotgani, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning imkoniyatlarini kuchaytirayotgani va tabiatni asrash sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirayotgani haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda bioxilma-xillikni saqlashda sohalararo yondashuvga, jumladan, davlat idoralari, ilmiy jamoatchilik va yoshlar kabi turli manfaatdor tomonlarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratildi. "Green University" talabalari nafaqat faol muhokamalarda ishtirok etishdi, balki yuqori ekologik xabardorlik darajasini namoyish qilishdi.
“Ekologiya vazirligi bilan faol hamkorlik qilib, bioxilma-xillik bo‘yicha konvensiyaning 7-milliy hisobotini tayyorlash hamda yangi milliy maqsadlarga muvofiq Harakatlar rejasining yangi strategiyasini ishlab chiqishda ishtirok etyapmiz, — dedi loyiha menejeri Sergey Zagrebin. — Bu hamkorlik juda samarali bo‘lib, boshqaruv darajasidan tabiiy hududlarda — qo‘riqxonalarda, o‘rmon xo‘jaliklaridagi faoliyatgacha barcha bosqichlarda yordam ko‘rsatilmoqda”.
Tadbir yakunida talabalarga biologik xilma-xillik mavzusidagi qiziqarli viktorina tashkil etildi. O‘yin interaktiv shaklda o‘tdi va ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Viktorinada g‘olib bo‘lganlarga qimmatbaho sovg‘alar — noutbuk, planshet va naushniklar topshirildi.
"Green University"dagi tadbir nafaqat bioxilma-xillikni saqlash mavzusining dolzarbligini ta’kidladi, balki barqaror kelajak uchun milliy va xalqaro darajada sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligini ko‘rsatdi.




