"Sudochye-Akpekti"dagi jingalak saqoqushlar
2025-05-21 10:00:00 / Yangiliklar

Jingalak saqoqush yo‘qolib borayotgan uchib o‘tuvchi-uyalovchi tur hisoblanadi. Bu turni muhofaza qilish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilgan. O‘zbekiston Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Qizil ro‘yxati, CITESning I Ilovasi hamda Bonn konvensiyasining I ilovasiga kiritilgan. Amudaryoning quyi oqimlari (uyalash), Zarafshon, Sirdaryoning o‘rta oqimi (davriy uyalash), O‘zbekistonning markaziy va janubiy qismlarida (uchib o‘tish, nomuntazam qishlash) tarqalgan. 1960-yillarda Janubiy Orolbo‘yida uchrashi odatiy edi, hozirda ko‘plab yashash joylarida yo‘q bo‘lib ketgan. 250 juftigacha (dunyodagi populyatsiyasining 5–6 foizi) uyalaydi, bir necha o‘ntasi qishlaydi, uchib o‘tishda mingtagacha bo‘ladi, bir necha yuztasi qishlab qoladi.
Dunyodagi populyatsiyasi XIX-XX asrlarda keskin kamayib ketdi. Hozirgi soni 10–13 ming atrofida. Mart-aprel oylari bahorgi, sentabr–noyabr oylari esa kuzgi uchib o‘tish davri hisoblanadi. Qamishli to‘qaylarda koloniya bo‘lib uyalaydi, aprel-may oyida 2-3 ta tuxum qo‘yadi. Uyalashdan so‘ng ko‘chadi (avgust–sentabr). Baliqlar bilan oziqlanadi.
Ma'lumot uchun, "Sudochye-Akpetki" davlat buyurtma qo‘riqxonasi 2021-yil 8-fevralda Qoraqalpog'iston Respublikasining Mo‘ynoq va Taxtako'pir tumanlari hududida tashkil qilingan. Hududda o'simlik dunyosining 70 dan ortiq turi (shundan 7 tur O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan) va hayvonot dunyosining 30 ga yaqin turi (5 turi O'zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan) uchraydi.


