20-may — Butunjahon asalarilar kuni
2025-05-20 14:00:00 / Yangiliklar

Changlatuvchilar ekotizimlardagi muammolar haqida ogohlantiruvchi ekologik signal vazifasini bajaradi. Shuningdek, ular bioxilma-xillikni muhofaza qilishda va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim omil hisoblanadi.
Turli omillar, xususan, begona hasharotlar, zaharli kimyoviy moddalar (pestitsidlar), yerdan foydalanishdagi o‘zgarishlar, iqlim o‘zgarishlari va ifloslanish kabi omillar natijasida asalarilar yo‘qolib ketish xavfi ostida. Shu sababli BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2017-yildan boshlab changlatuvchilarning ahamiyati, ularning mavjudligiga tahdid va barqaror rivojlanishga qo‘shgan hissasi haqidagi xabardorlikni oshirish maqsadida "Butunjahon asalarilar kuni" joriy qilindi.
Nega aynan 20-may? Chunki 1734-yilning aynan shu kuni zamonaviy asalarichilik asoschisi Anton Yansha tug‘ilgan. U 1771-yilda asalari haqida risola chop etadi, bu asar bir necha bor qayta nashr etiladi. Bugungi kunda uning maslahatlari va ixtirolari butun dunyo bo‘ylab asalarichilar tomonidan qo‘llaniladi.
Asalarilar ko‘plab o‘simliklar, jumladan, oziq-ovqat ekinlarining ko‘payishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Bu hasharotlar 75 foizdan ortiq ekinlarning ko‘payishida ishtirok etadi, hosildorlikni oshiradi, mahsulot sifatini va xilma-xilligini yaxshilaydi, bioxilmaxillikni saqlaydi, tuproq unumdorligi, havo va suvning tozaligini ta'minlaydi, zararkunandalarga qarshi tabiiy kurashni kuchaytiradi.
